Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylovga oid qonun normalarida qanday yangiliklar bor?

Yaqinda shahar va tumanlarda tuziladigan uchastka saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlar uchun seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi.

O‘quv ishtirokchilar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarida bevosita, o‘z vakillari orqali ishtirok etishi haqidagi tasavvurlari kengaytirilgani, saylovga oid qonunchilikdagi yangiliklar haqida aniq bilimlarga ega bo‘lgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Negaki, unda qayd etilganidek, joriy yil yurtimizda muhim siyosiy jarayon – parlament va mahalliy kengashlarga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Mazkur siyosiy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, saylovga oid 5 ta qonun va bir qator qonunosti hujjatlar va jarayon bilan bog‘liq ko‘p yillik amaliy tajribamiz majmui bo‘lgan Saylov kodeksida belgilangan tamoyillar asosida o‘tkaziladi.

Shu bois, kodeksda belgilangan prinsiplarni keng jamoatchilik, birinchi navbatda bevosita saylov jarayonini tashkiliy ishlarni amalga oshiruvchilar teran anglab yetishi muhim ahamiyatga ega.

Zero, saylov kodeksida amaldagi qonunlarda ifodalangan normalarni mujassamlashtirish bilan birga, bir qator yangi qoidalar ham o‘rnatildi. Xususan, qayd etilgan hujjatda ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normalar chiqarib tashlangan. Muddatidan oldin ovoz berish saylovga 3 kun qolganida tugashi belgilanib, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillari sonini 3 dan 5 kishigacha ko‘paytirilgan.

Seminarlarda saylov kodeksida saylov jarayonlari bilan bevosita bog‘liq bir qator yangi qoidalar ham joriy etilgani alohida qayd etildi. Jumladan, kodeksda saylov uchastkasida ovozlarni sanash bayonnomasi nusxasini darhol joylashtirish tartibi belgilangan. Ovoz berish tugaganidan keyin uchastka saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar (ovozlarni sanab chiqish, bayonnoma tuzish va boshqalar) ko‘rsatilgan.

O‘quv ishtirokchilari bunday amaliyotlarni bevosita bajarib ko‘rib, kuzatilgan ayrim muammoli va bahsli holatlar bo‘yicha batafsil axborot olishdi.

Shuningdek, seminar-treninglar davomida saylov kodeksining muhim jihatlari nimadaligi, saylov bo‘yicha nega aynan kodeks qabul qilinganligi, uning avvalgi qonunlardan qanday farqli tomonlari borligi interfaol usullarda tushuntirildi.