Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Senat raisi Farg‘ona viloyati hokimi masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi

Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuxrat G‘aniyevning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan nutqi 2 kundan buyon jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinmokda.

Muhokamalar jarayonida Sh.G‘aniyevning xatti-harakatlari keng omma orasida salbiy e’tirozlarga sabab bo‘lmokda.

Shu munosabat bilan Senat raisi Tanzila Norboyeva ushbu holat yuzasidan bugun Oliy Majlis Senatining Reglament va odob komissiyasi yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati ham ushbu vaziyat borasida rasmiy bayonot berdi. Quyida mazkur bayonot to‘lig‘icha keltirilgan.

"Viloyat hokimligi axborot xizmati shuni ma’lum qiladiki, ularda notiqning so‘zlaridan o‘zgacha ma’no izlab, buzib talqin qilish hollari ro‘y bermoqda.

O‘zbekistonda bo‘lgani kabi Farg‘ona viloyatida ham ulkan o‘zgarishlar va islohotlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona, Qo‘qon, Marg‘ilon shaharlari hamda viloyatning barcha tumanlari, chet qishloqlari yangicha qiyofa kasb etmoqda. Ko‘plab horijiy mamlakatlar kompaniya va tadbirkorlari viloyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritayotgan investitsiya hajmi kundan kunga ortib bormoqda. Mamlakat eksport hajmidagi Farg‘ona viloyati ulushi salkam 40 foizga yetib qoldi. O‘nlab ijtimoiy soha ob’yektlari qurib foydalanishga topshirildi. Oliy ta’lim o‘quv yurtlari esa beshtadan o‘ntaga yetdi. Bu kabi islohotlar tufayli erishilgan natijalar haqida ko‘plab misollar keltirish mumkin. Lekin eng muhimi, xalqimiz ro‘y berayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlayotganligidir.

Bunday jarayon o‘z-o‘zidan ro‘y berayotgani yo‘q. Masalan, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgan. Davlat, davlat xizmatchilari din niqobidagi ayrim noqonuniy xatti-harakatlarga befarq qarab turolmaydi. Shu yilning o‘zida bir guruh targ‘ibotchilarning ’faoliyati’ tufayli bir qancha fuqarolar Suriyaga yo‘l olayotgan chog‘i qaytarildi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, targ‘ibotchilar diniy ahkomlarni pesh qilib, ularni dastlab soqol qo‘yishga undagan. Ahli ayollarini esa hijobga kirishga majburlagan. Ular Suriya janggohlaridan nimani ko‘zlagandi? Bu yerda yolg‘iz qolgan farzandlari kelgusida qaysi yo‘lni tanlar edi?

Viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev navbatdagi yig‘ilishda asosiy mavzudan chekinib, aslida ma’nosiga yetmay turib beo‘xshov soqol qo‘yish, hijobga kirish, tashqi qiyofani o‘zgartirish muqaddas dinimizning haqiqiy talablarini aks ettirmasligidan kuyinib gapirganida ba’zi bir qo‘pol iboralarni ham ishlatgan. Ammo viloyat rahbari ozod va obod vatanimizning har bir fuqarosi shu aziz yurtga, uning milliy qadriyat hamda urf-odatlariga munosib tashqi qiyofa egasi bo‘lishi kerakligini nazarda tutgan. Afsuski, joylarda beo‘xshov soqol qo‘yuvchilar, milliy madaniyat va ma’naviyatimizga nomunosib shaklda o‘zga xalqlar urf odatiga amal qilib ro‘mol o‘raydigan va kiyinadiganlar uchrab turadi. Hokimning kuyinib gapirgan so‘zlari, avvalo, ularga qaratilgan.

Shuhrat G‘aniyevning bozorlarga noqonuniy yo‘llar bilan millatimizga mos bo‘lmagan diniy liboslarni keltirib sotayotgan tadbirkor va bozor rahbarlariga nisbatan talabchanlikni kuchaytirish, terroristik tashkilot sifatida faoliyati taqiqlangan diniy oqimlarni tanqid qilishi, Rishton «Baraka» bozorida taqiqlangan adabiyotlar savdosi bilan shug‘ullanayotganlarga qonuniy chora ko‘rishni talab qilgani, rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etadigan jurnalistlar, shahar, tumanlarda bo‘ladigan yig‘ilish qatnashchilari munosib kiyimda bo‘lishini, shuningdek, reklama bannerlaridagi odamlar suratlari milliy qadriyatlarimizga xos tashqi ko‘rinishda aks ettirilishi lozimligini eslatgani, shifoxonada davolanayotgan bemorlar ochiq-sochiq kiyimda yotganligini tanqid qilgani, farzandiga ism qo‘yishda dunyo xalqlarining la’natiga uchragan terroristlarning ismini emas, millatimizning buyuk vakillari nomi bilan atashni tavsiya etgani, ayniqsa, yoshlarning soch qo‘yishda ommaviy madaniyat ta’siriga berilmasligi hamda mamlakatimizda erkin diniy e’tiqod uchun yaratilgan sharoitlarni qadrlash va yana boshqa mavzulardagi mulohazalari, avvalambor, viloyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga qaratilgandir. Bu fikrlarga o‘zgacha yondashuv va urg‘u berish, viloyat hokimining so‘zlaridan boshqacha ma’no izlash adolatdan emas.

Shuni ma’lum qilamizki, xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan fikr-mulohazalarni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, hokimlik mutasaddilari o‘rganib, tegishli xulosalar chiqardilar.

Bundan buyon muhokama qilinayotgan har qanday masala bo‘lmasin uning qonuniy mohiyatiga va muloqot madaniyatiga qat’iy rioya etiladi".