"Sino" zavodidagi davlat ulushi xususiy kompaniyaga sotildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligining xabar berishicha, Samarqanddagi "Sino" muzlatkich zavodining davlat ulushi "Tyespak" xususiy kompaniyasiga nol qiymatda sotilgan.

Kompaniya ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun eng yaxshi sharoitlarni taklif qildi. Natijada u kim oshdi savdosida g‘olib bo‘lib, deyarli 89 % aksiyalarni sotib oldi. Xususan, shartnomaga ko‘ra, kompaniya korxonaga 2 yil ichida 42 million dollar sarmoya kiritishi kerak. Shuningdek, endi kompaniyada faqat muzlatkichlar emas, boshqa maishiy texnika vositalari ham ishlab chiqariladi.

Ma’lumot uchun, “Sino” kompaniyasiga 1973 yilda asos solingan va 1974 yildan boshlab korxonada muzlatkichlar ishlab chiqariladi. Joriy yilning yanvar oyida qarzlar tufayli kompaniya "Sino" davlat aksiyalarini investorlarga nol qiymati bo‘yicha tanlov asosida sotishga qaror qildi.