Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Siyosiy partiyalar faoliyatida deputatni chaqirib olish amaliyoti bo‘lganini eshitmadim

O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari - apparat rahbari Ilhom Botirovning muxbirimiz savollariga javoblari:

- Bugun chinakamiga izlanib, yangiliklarni faoliyatiga joriy etib borgan siyosiy kuchgina el nazaridan qolmaydi, dasturiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlovchilar soni kun sayin ortib boraveradi. Siz rahbarlik qilayotgan partiyada bu borada ahvol qanday?

- Partiyamiz bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar, ayniqsa, aholi farovonligini oshirishdan manfaatdor. Shu ma’noda bugun aholini turli amaliy loyihalarga jalb etish, ularda mavjud sharoit va imkoniyatlardan samarali foydalangan holda o‘z g‘oya va loyihalarini amalga oshirishlariga ko‘maklashishga intilmoqdamiz. 20 dan ortiq loyihalarning aksariyati aynan yoshlar, xotin-qizlar, aholining band bo‘lmagan qatlami vakillari bandligini ta’minlashga qaratilgan. Bunda tadbirkorlik sohasi bilan faoliyati bevosita bog‘liq bo‘lgan 30 dan ortiq tashkilot va muassasalar bilan amaliy hamkorlik o‘rnatilgani yaxshi samara bermoqda.

Bu kabi sa’y-harakatlarimiz natijasida viloyatimizdagi safdoshlarimiz soni keyingi bir yilda 2 baravarga oshib, 100 ming nafarga yaqinlashdi. 1236 korxona, tashkilot va muassasalarda O‘zLiDeP ning quyi bo‘g‘inlari paydo bo‘ldi. 2500 ga yaqin faol yurtdoshlarimiz partiya Kengashlarimizda tashkil etilgan turli ijtimoiy tarmoqlardagi kanallarga birlashib, bilim va tajribalarini oshirmoqda, dolzarb mavzularni muhokama qilmoqda, mavjud muammolarga birgalikda yechim izlamoqda. 200 nafardan ziyod deputatlik guruhi a’zolari joylarda o‘z saylov okruglarida har hafta bittadan sayyor qabul tashkil etmoqda. Hozirgi kungacha o‘tkazilgan 92 ta sayyor qabullarda ko‘tarilgan 3920 ta muammodan 462 tasi hal etildi. Loyihalarimizda 70697 nafar yurtdoshlarimiz qatnashib, 28275 nafari bilimlarini oshirgan bo‘lsa, aynan biznes va tadbirkorlik yo‘nalishida 20734 nafari o‘z bilimlarini oshirdi va biznes loyihalarini amalga oshirishga kirishdi.

- Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan bugungi siyosatda xalq bilan yaqin muloqotda bo‘lish, odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, muammolariga yechim izlash ustuvor ahamiyat kasb etyapti.

O‘z-o‘zidan ayonki, mazkur masalaga ayniqsa, siyosiy partiyalar juda katta e’tibor qaratishi lozim. Zotan, odamlar bilan ishlash mexanizmini samarali yo‘lga qo‘ya olgan partiyagina jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, ta’sir kuchi oshadi. Shunday emasmi?

- Viloyatimizda partiya kengashlarimiz va barcha partiya tuzilmalarimizning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida kengashimizda alohida bo‘limlar tashkil etilgan. Viloyatdagi 17 ta deputatlik guruhlarimiz a’zolarining mas’uliyatini yanada oshirishga jiddiy ahamiyat qaratib kelayapmiz. Deputatlar tomonidan ularga saylovchilaridan kelib tushgan murojaatlarni hal etish bo‘yicha 689 ta so‘rovlar chiqarilgan, 100 nafar mansabdor shaxslarning hisobot va axborotlari guruh majlislarida eshitilgan. Shuningdek mahalliy Kengashlar sessiyalariga 55 ta takliflar kiritilib, 22 tasi muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

O‘tgan 6 oy davomida partiya kengashlariga 564 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 462 tasi qanoatlantirilib, 85 tasi tegishli vakolatli idoralarga yuborilgan.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida faollarimiz tomonidan joylardagi muammolarni o‘rganish va aholiga ko‘maklashish maqsadida uyushtirilgan tadbirlar davomida iyun oyining o‘zida 1952 ta muammoli masala aniqlandi. Shundan 1666 tasi yoki 85 foizi joyida hal etildi. 286 ta muammo respublika vazirlik va idoralar aralashuvi orqali hal etilishi hisobga olinib, partiya siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasiga taqdim etildi.

- Albatta, saylov kampaniyasi boshlanishiga hali vaqt bor. Ammo partiyalar uni ancha avval boshlagani aniq...

- O‘tgan davrdagi faoliyati davomida parlament va mahalliy kengashlarda ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelayotgan O‘zLiDePning viloyatdagi faollari va tuzilmalari uchun yetakchilik mavqeini nafaqat saqlab qolish, balki yanada mustahkamlash yo‘lida muntazam ishlash muhim vazifamiz hisoblanadi.

Viloyatimizda 15 nafar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 60 ta viloyat hamda 480 ta tuman va shahar kengashlari deputatlik o‘rinlari uchun kechadigan saylov jarayonlariga o‘tgan saylovlarning ertasi kunidan tayyorgarlik boshlangan va bu boradagi ishlar tobora qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Saylov kompaniyasi boshlanishiga start berilishi – bu o‘sha paytgacha ko‘rilgan tayyorgarlikni qizg‘in raqobat muhitida amalga oshirish boshlandi deganidir.

- Aksariyat hollarda saylovdan so‘ng partiya va deputat o‘rtasidagi aloqa uzil-kesil uziladi. Buning sabablari nimada deb o‘ylaysiz?

- Bunday salbiy holat mavjud va juda ham afsuslanarli. Bundan nomzodni ilgari surgan siyosiy partiya emas, balki uni saylagan, unga ishonch bildirgan ko‘p ming sonli saylovchilar ham yutqazayotgani haqiqat.

Aloqani uzgan har bir deputat misolida talqin qilinsa alohida jihatlari ko‘rinadi. Bu esa xalqning hokimiyatdagi vakili, ya’ni deputat degan yuksak nomga munosib ko‘rilgan shaxsning mansabparast, o‘z manfaati oldida boshqalar manfaatini, muammolarini ikkinchi darajali, deb bilgan boshqalarning fikri uning uchun ahamiyatsiz, ko‘pchilikning bahosiga nomunosib shaxs, degan achchiq bo‘lsada, ochiq baho berish kerak.

Umuman, deputat bilan partiya hamda saylovchilarning aloqasi uzilishining birinchi sababi nomzodning partiya tomonidan noto‘g‘ri tanlangani, partiya kengashidagi nomzodni o‘rganish bo‘yicha komissiya nomiga ishlagani, ikkinchidan deputat – vakolati belgilangan qonunlarni bilmasligi, ya’ni huquqiy ongi pastligi yoki qonunlarga hurmatsizligidan.

- Umuman, partiyaning viloyat yoki tuman kengashi faoliyatsiz yoki partiya bilan aloqani uzgan deputatlarga qanday choralar ko‘rdi? Deputatlikdan chaqirib olish bilan bog‘liq chora nima uchun qog‘ozda boru amalda qo‘llanilmaydi?

- Deputatni chaqirib olish bo‘yicha nafaqat O‘zLiDeP, balki boshqa siyosiy partiyalar faoliyatida bunday amaliyot bo‘lganini eshitmadim va biron bir deputat chaqirib olinmadi.

Bunda birinchidan, deputat bo‘lib saylangan shaxs faoliyatiga baho berishning mexanizmlari aniq va mukammal emas. «Ishlamayapti», «deputatlikka munosib emas» kabi salbiy baho berilayotgan deputat boshqa jabhalarda, jamoat ishlarida yoki o‘z mehnat jamoasida olib borayotgan faoliyati hamisha ham qoniqarsiz, deb bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, bu boradagi qonun hujjatlari qabul qilinganiga 15 yil, oxirgi kiritilgan o‘zgartishga 10 yildan oshdi. Qonunda faoliyati sust deputatni chaqirib olish uchun asosli sabablar bo‘lishi belgilangan. Chaqirib olish uchun asos yetarli deb hisoblangan taqdirda ham deputatni chaqirib olish uchun u saylangan okrugda ovoz berish o‘tkazilishi va saylovchilar “Deputatning chaqirib olinishini yoqlayman” yoki “Deputatning chaqirib olinishiga qarshiman” deb taklif etilayotgan qatorlardan birini belgilagan holda ovoz berishlari zarur. Yakuniy bosqich sifatida ko‘rib chiqayotganimiz – ovoz berishni tashkil etishgacha bo‘lgan jarayonda yana ko‘plab me’yorlar borki, bu me’yorlar asosida deputatni chaqirib olish partiya uchun ham, mahalliy kengashlar uchun ham vaqt, mablag‘ va saylovchilarning munosabatini bilish bilan bog‘liq jarayon bo‘lgani sababli yengil kechmaydi.

Shunday ekan deputatlik faoliyati hamda deputatning maqomi, uni chaqirib olish bilan bog‘liq qonunlarimizni ham qayta ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

- Oldinda turgan saylovlardan keyin ham shunday bo‘lmasligi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaysiz? Va bu borada Siz rahbarlik qilayotgan siyosiy partiya tomonidan nima ishlar qilinmoqda?

- Saylovga tayyorgarlikning hozirgi bosqichida ishlar ko‘lami keng. Bu nomzodlar bilan ishlash, ularni tayyorlash bilan bog‘liq masalalardan tortib, a’zolar safini faol yurtdoshlarimiz hisobiga kengaytirish, 1200 dan ziyod boshlang‘ich partiya tashkilotlari va 16 ta tuman, shahar kengashlarimiz moddiy texnik ahvoli va sharoitlarini yaxshilash, targ‘ibot tadbirlari va vositalarini tayyorlash, saylov shtablarimiz, targ‘ibot guruhlarimiz, ishonchli vakillar, kuzatuvchi va vakolatli vakillarni tanlash va tayyorlash kabi ko‘plab vazifalardir.

Avvalroq ushbu savollarga O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasining viloyat Kengashi devoni rahbari Azim Soliyevning javoblari berilgan edi.

Yoqub Marqayev,

Zarnews.uz muxbiri suhbatlashdi.