Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sog‘lom ovqatlanish – uydirma va haqiqat

Diyetolog mutaxassisning kechki 18.00 dan so‘ng nega ovqatlanish mumkin emas, degan fikrga nisbatan munosabati

Ko‘pchiligimizda kechki 18.00 dan so‘ng ovqatlanish mumkin emas, degan qarash shakllanib qolgan. Shuningdek, nonushtani o‘zing ye, tushlikni do‘sting bilan, kechki ovqatni esa dushmaningga ber, degan fikrlar ham shu mazmunni ifoda etadi. Xo‘sh, bu fikr qayerdan chiqqan o‘zi? Nega kechki oltidan so‘ng ovqatlanish mumkin emas? Keling, bu haqda mantiqiy o‘ylab ko‘raylik. Hozir sizga bu haqda maslahat bersam, bu faqat mening fikrim bo‘lib qoladi. Yaxshisi bu haqda birgalikda fikr yuritaylik.

Demak, biz oltidan keyin ovqatlanmasak, keyingi taomlanishimiz, ya’ni kelayotgan kunning ertalabki vaqtigacha taxminan 12-13 soat vaqt o‘tib ketadi. Ya’ni 12 soatlik och qolish degani bu. Shuning o‘ziyoq noto‘g‘ri. Sababi, inson 10 soat davomida och qolsa organizmda bir ferment ishlab chiqiladi, u esa keyingi gal ovqatlanganda birinchi navbatda yog‘larni o‘ziga singdirib olishga harakat qilishga yordam beradi. Ya’ni organizm aqlli bir instinkt bilan och qolganini sezgach, yana och qolish ehtimoli borligini bilib, birinchi navbatda kelgusi uchun o‘ziga zahira yig‘ib boshlaydi. Ikkinchidan, kechasi barcha gormonlar ishlab chiqiladigan payt. Bu esa qo‘shimcha oqsillar, uglevodlar zarur deganidir. Biz esa organizmni och qoldirish bilan uni bu imkoniyatdan mahrum etamiz. Miya esa 7 daqiqa ham uglevodsiz yashay olmaydi. Bu esa o‘z navbatida kishini uyqusizlikka olib keladi. Alohida ta’kidlash kerakki, ozish niyatida bo‘lganlarning ko‘pchiligi uyqusizlikka duchor bo‘ladi. Keyin asabiylik, jizzakilik paydo bo‘la boshlaydi. Bu esa oltidan keyin ham ovqatlanish kerakligini, ozmoqchi bo‘lganlar esa buni to‘g‘ri amalga oshirishlari lozim bo‘ladi. Hatto yarim kechasi ham ovqatlanish kerak. Masala – nimani iste’mol qilishda. Turli bo‘tqalarni iste’mol qilish qanchalik hayratlanarli bo‘lmasin, rostdan ham mumkin emas. Shirinlikni ham kechasi yeyish zarar. Oqsil yeyish mumkin. Misol uchun tovuq go‘shti, baliq, sabzavotlarni bemalol iste’mol qilish mumkin. Hatto mijozlarimga kechqurun qaynatilgan tuxum yeyishni tavsiya etaman.

Shunday ekan, bizning tushunchalarimizda shakllanib qolgan, kechqurun ovqatlanish mumkin emasligi haqidagi fikrlar shunchaki uydirma.