Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sog‘liqni saqlash vazirligi: Ijtimoiy tarmoqlarda odam papilloma virusiga qarshi vaksina to‘g‘risida bildirilayotgan vajlar asossiz

Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga tahdid qiluvchi jiddiy kasalliklardan biri hisoblanadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda birgina 2018 yilda bachadon bo‘yni saratoni bilan qariyb 570 000 yangi kasallanish holati qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 000 nafardan ortiq ayollar vafot etadi. Ammo kasallikning ushbu turining oldini olish borasida sinalgan va samarali usullar mavjud. Ulardan biri — odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash.

Mamlakatimiz ham bu borada birinchi qadamni qo‘ydi, ya’ni shu yilning oktyabridan boshlab yurtimizdagi barcha 9 yoshli o‘smir qizlar ushbu kasallikka qarshi emlanadi. Natijada kelajakda har yili 1 100 ta kasallanish va bachadon bo‘yni xastaligi bo‘yicha 600 ga yaqin o‘lim holatining kamayishiga erishilishi ko‘zda tutilmoqda.

Ko‘pchilikni odam papilloma virusining o‘zi nima? Ushbu vaksinaga mamlakatimizda ehtiyoj bormi? Vaksinaning asoratlari bo‘lmaydimi, degan savollar qiziqtirishi tabiiy. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu vaksina haqida turli xavotirli bahs-munozaralar ham bo‘lmoqda. Ular qanchalik asosli?

Odam papilloma virusi (OPV) nima?

Papilloma - virusli kasallik bo‘lib, uning 200 dan ortiq turi mavjud. Ayrim ko‘rinishlari onkologik xastaliklarni keltirib chiqaradi. Xususan, ayollardagi bachadon bo‘yni saratoni rivojlanishida aynan papilloma virusi yetakchilik qiladi. Virusning 10 ga yaqin turi jinsiy a’zolarni zararlaydi. Uning onkogen xavfi yuqori bo‘lgan 6, 11, 16, 18 turlari esa saratonni paydo qilishi mumkin.

Odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi vaksina esa turli xavfli kasalliklarga sabab bo‘luvchi OPV infeksiyalari yuqishining oldini olish uchun qo‘llaniladi. Bundan tashqari, odam papilloma virusiga qarshi emlash ayollar va erkaklar jinsiy a’zolarida o‘tkir uchli kondilomalar paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi OPV infeksiyalari yuqishining ham oldini oladi.

Huquqiy asos bilan mustahkamlangan

Bachadon bo‘yni saratoni tarqalishiga ko‘ra, jahonda ayollarda uchraydigan saraton kasalliklari orasida to‘rtinchi o‘rinda turadi. Dunyoda bo‘lgani kabi, mamlakatimizda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinni egallaydi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa ushbu xastalik barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi va tug‘ish yoshidagi ayollar (15-44 yosh) orasida esa ikkinchi o‘rinda turadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafardan ziyod ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda. Shu bois butun dunyoda ushbu kasallikning oldini olish muhim ahamiyatga ega.

Yurtimizda 2017 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan bu borada milliy reja tasdiqlangan. U o‘z ichiga bachadon bo‘yni saratonini davolash, palliativ yordam ko‘rsatish bilan birga, OPVga qarshi emlash, bachadon bo‘yni saratonini skrining qilish kabi birlamchi profilaktik tadbirlarni qamrab oladi. Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik — bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qiladi.

– Ayni paytga qadar mamlakatimizda Milliy emlash taqvimiga ko‘ra, 12 turdagi kasalliklarga qarshi emlash ishlari olib borilar edi. Endilikda navbatdagi odam papiloma virusiga qarshi vaksina joriy etilmoqda, – deydi Virusologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Erkin Musaboyev. – Shu o‘rinda qayd etish kerakki, mamlakatimizda har bir vaksinani joriy qilishdan oldin uni har tomonlama chuqur tahlildan va sinovdan o‘tkazib, ko‘zlangan ijobiy natija olinsagina, u amaliyotga joriy etiladi. Bu gal ham Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida maxsus texnik ekspertlar guruhining dunyo tajribasiga tayangan holda o‘tkazgan eksperimentlari ijobiy natijasini namoyon etdi. Shuning uchun bu vaksinadan qo‘rqish, xavfsirash noo‘rin. Mazkur vaksinaga qarshi ko‘rsatmalar umuman yo‘q.

Dunyoning qaysi mamlakatlarida ushbu vaksina amalda?

Ma’lumot uchun, ayni paytda OPVga qarshi rejali emlash dunyoning 102 dan ortiq mamlakatida bir yoki bir necha turdagi OPV vaksinasidan foydalanishga ruxsat berilgan. Shu yilning iyun oyi holatiga ko‘ra, dunyoning 96 ta davlati (jumladan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqasidagi 33 mamlakat) milliy emlash dasturlariga ushbu virusga qarshi emlashni kiritgan. Shuningdek, 11 ta mamlakat hatto o‘g‘il bolalarni ham emlash dasturini joriy etgan. Emlashning inson salomatligini asrashdagi muhim natijasi bu vaksina ko‘p yillardan beri qo‘llanib kelinayotgan juda ko‘plab davlatlar (AQSh, Rossiya, Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvetsiya, Finlyandiya, Yangi Zelandiya, Shotlandiya) misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaksinaning narxi ancha qimmatligi sabab aksariyat davlatlarda u pulli asosda bajariladi. Bizning mamlakatimizda esa o‘smir qizlar davlat hisobidan bepul emlanadi.

Vaksina xavfsiz va kafolatli

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, odam papilloma virusiga qarshi vaksina mamlakatimizda ilk marotaba 2006 yilda litsenziyalashdan oldin sinovdan o‘tkazilgan. O‘tkazilgan klinik tadqiqotlarda vaksina ayollar reproduktiv funksiyalariga hech qanday nojo‘ya ta’sir ko‘rsatmasligi aniqlangan. Shuningdek, ushbu vaksina saraton oldi kasalliklar va saratonning oldini olish bilan birga reproduktiv funksiyani himoya qilishi ham aniqlangan.

– 2010 yilda mamlakatimizda 8 ming nafar 9-15 yoshli qizlar orasida ushbu vaksina qo‘llanilgan edi. O‘tgan davrda ushbu qizlarda hech qanday salbiy o‘zgarishlar kuzatilmadi, – deydi professor Dilbar Mahmudova. – Bugungi kunda millat genofondini yaxshilash, ayollar va qizlar salomatligini muhofaza qilish maqsadida davlatimiz tomonidan qator xalqaro tashkilotlar hamkorligida ushbu vaksina olib kelinmoqda. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy. Nima uchun vaksina aynan 9-14 yoshdagi o‘smir qizlarda qo‘llaniladi? Ilmiy izlanishlar natijasiga ko‘ra, aynan shu yoshdagi qizlar mukammal ravishda immunitet ishlab chiqaradi. Boisi, ular hali turmushga chiqmagan va virusni yuqtirish immunitetiga ega bo‘lmagan bo‘ladi. Shu sababli ham ayni shu paytda emlash boshqa yoshdagilarga nisbatan samarali bo‘ladi.

– 15 yoshimda hududimizdagi oilaviy poliklinikada odam papilloma virusiga qarshi vaksina bilan emlanganman, – deydi Gulira’no Rahimjonova. – Hech qanday shikoyat yoki og‘riqli, noxush holatlar kuzatilmagan. Hozirda 23 yoshdaman. 2015 yil turmushga chiqdim. 2016 yilda qiz farzandli bo‘ldim. Homiladorlik davrim juda yaxshi o‘tgan. Ayni paytda sog‘lom onalardan biriman.

Ko‘rinib turibdiki, ijtimoiy tarmoqlarda vaksina haqidagi bildirilayotgan turli xavotirli munosabatlar o‘rinsiz.

Ayni paytda mamlakatimizda o‘smir qizlarni odam papilloma virusiga qarshi emlash ishlari boshlanish arafasida. Respublika bo‘ylab bu tadbirlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich shu yilning oktyabr oyining uchinchi o‘n kunligidan noyabrning oxirigacha davom etsa, ikkinchi bosqich 2020 yil aprelida o‘tkaziladi. Bu jarayonda mamlakatdagi 353 ming nafar 9 yoshdagi qizlar qamrab olinishi rejalashtirilgan.

Emlash jarayonining borishi esa Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YuNISEF va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qat’iy nazoratiga olinadi. Emlash jarayoni barcha tibbiy ko‘rsatmalarga rioya etilgan holda o‘z vaqtida va to‘g‘ri amalga oshirilsa, hech qanday asorat bo‘lmaydi. Aksincha, OPVga qarshi emlash orqali farzandlarimizni bachadon bo‘yni saratoni deb atalmish og‘ir darddan xalos etishga, kelajakda ularning sog‘lom va baxtli hayot kechirishiga erishamiz.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.