Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Tadbirkor”dan 2 mingtaga yaqin niqob olib qo‘yildi

Mamlakatimizda koronavirus tarqalishi tufayli e’lon qilingan karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlari va zarur tibbiy buyumlar narx-navosining asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, shunday holatlarga olib keluvchi omillarga chek qo‘yishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda respublikamizning turli hududlarida o‘tkazilayotgan aksiyalar, masalan bepul tibbiyot niqoblari va boshqa zaruriy ashyolar tarqatilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Bu xalqimizning hamjihatligini, olijanob tadbirkorlarimizning saxovatpeshaligini ko‘rsatib turibdi.

Taassufki, yuzaga kelgan vaziyatdan o‘z maqsadi yo‘lida foydalanib, mo‘may daromad topish ilinjida yurgan fuqarolar bor ekan. Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib borilayotgan nazorat tadbirlari davomida og‘ir damlarda hamyurtlarimizga naf keltirish o‘rniga nafs to‘riga ilinib, noqonuniy faoliyat yuritayotganlar siri oshkor bo‘layotir.

Jumladan, “Kattaqo‘rg‘on shahar dehqon bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Yashil bozorda o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro J.Z. tibbiy buyumlar savdosi bilan hujjatsiz shug‘ullanayotgani aniqlandi. Fuqarodan umumiy qiymati 4 million 226 ming so‘mlik 1947 dona tibbiyot niqobi, 43 ta qo‘lqop, 164 flakon etil spirti olib qo‘yildi.

Narpay tumanidagi “Mirbozor bozori” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida esa fuqarolar H.R., Z.X., O.B. va I.Q. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada ulardan jami qiymati 1840500 so‘mlik 409 kilogramm kartoshka olib qo‘yildi.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.