Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlar 1 sentyabrgacha mol-mulk va yer solig‘i to‘lamaydi

Prezidentimiz 2020 yil 18 may kuni «Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni qabul qildi.

Unga ko‘ra, 2020 yil 1 iyundan 1 sentyabrgacha quyidagilar mol-mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod etiladi:

- kichik tadbirkorlik sub’yektlari;

- bozorlar va savdo komplekslari, kinoteatrlar, umumiy ovqatlanish korxonalari, jamoat transporti korxonalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalari;

- yo‘lovchi tashish, maishiy xizmatlar ko‘rsatish, binolarni, shu jumladan, banketlar o‘tkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar.

* Kichik tadbirkorlik sub’yektlariga Prezidentimizning 2020 yil 19 martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va 2020 yil 3 apreldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq, aprel-may oylari uchun taqdim etilgan, mol-mulk va yer solig‘ining foizsiz kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) summalaridan; 2020 yil 1 yanvardan boshlab 2020 yil 15 maygacha bo‘lgan muddatda yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha hisoblangan penya va jarimalardan voz kechiladi.

* Tadbirkorlar uchun tovarlar, ishlar, xizmatlarni olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashda 120 kungacha kechiktirish huquqi berildi.

* 2020 yil 1 maydan 1 iyulgacha mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun, bunda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va yuridik shaxslardan tashqari ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizgacha pasaytirildi.

* Mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablag‘lari kamayishining oldini olish maqsadida 2020 yil 15 may holatiga soliq qarzlari va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarini undirish 2020 yil 1 sentyabrgacha to‘xtatiladi.

* Davlat soliq xizmati organlari 2020 yil 15 may holatiga tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablag‘larini o‘tkazish va yechib olish bo‘yicha inkasso topshiriqnomalarini qaytarib oladi.

* Soliq to‘lovchilar 15 may holatiga bajarilmagan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha to‘lov topshiriqnomalarini qaytarib olish huquqiga ega bo‘ldi.

* 1 iyundan boshlab qo‘shimcha ravishda 14 yoshgacha farzandi bo‘lgan, 2 yoshgacha bola parvarishi uchun va moddiy yordam oluvchi oilalarga ajratiladigan ijtimoiy yordam pullari oluvchilar 10 foizga oshiriladi.