Jismoniy shaxslar qancha yer solig‘i to‘laydi?

Prezidentimizning 2020 yil 3 dekabrdagi “Resurs soliqlari va mol-mulk solig‘ini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga Soliq kodeksi bilan belgilanadigan soliq stavkalari asosida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun tuman va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘i stavkasiga 0,5 dan 2,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsentlar qo‘llagan holda yer solig‘i stavkalarini belgilash huquqi berildi.

Shuningdek, endilikda tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlari tomonidan belgilangan, Toshkent shahri bo‘yicha esa Soliq kodeksida belgilangan yer solig‘i stavkalariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun, ularning hududlarida joylashgan daha, massiv, mahalla, ko‘cha kesimida 0,7 dan 3,0 gacha kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni kiritish huquqiga ega.

Jismoniy shaxslardan olinadigan yer solig‘i (yakka tartibdagi tadbirkorlardan tashqari) summasi 2020 yil yil uchun hisoblangan soliq summasining 1,3 baravaridan oshmasligi lozimligi belgilab qo‘yildi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi tomonidan 2020 yil 29 dekabrda “Samarqand viloyatining 2021 yilgi mahalliy byudjeti to‘g‘risida”gi qaroriga asosan viloyat bo‘yicha 1 kvadrat/metr yer uchun bazaviy soliq stavkasi 297,6 so‘m etib belgilangan bo‘lib, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan jismoniy shaxslarning yer solig‘i mahallalar kesimida tasdiqlandi. Masalan, Toyloq tumani uchun bazaviy soliq stavkasi 178,56 so‘m. O‘rtaqishloq mahallasi uchun esa 0,76 foiz kamaytiruvchi koefitsiyent qo‘llanildi (178,6*0,76=135,71 so‘m). Ya’ni, O‘rtaqishloqda 1 kvadrat/metr yer uchun 135,7 so‘m soliq belgilandi.

Jismoniy shaxslarning yer solig‘i xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari tomonidan tasdiqlanishining afzalliklari ko‘p. Chunki, shu paytga qadar uzoq tog‘li, ijtimoiy infratuzilmasi past bo‘lgan hududlarning yer solig‘i stavkasi ham tuman va shahar markazlari bilan deyarli bir xil edi. Endi esa deputatlar ushbu jihatlarni hisobga olib, soliq stavkasiga o‘zgarish kiritish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Dilshod Zayniyev,

Samarqand viloyat davlat soliq boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i.