Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlar bepul o‘qitildi

Samarqand shahrida «Tadbirkorlik faoliyati asoslarini o‘qitish respublika markazi» Samarqand viloyat filiali tomonidan tadbirkorlar uchun bepul o‘quv kursi tashkil etildi.

Unda tadbirkorlar, mustaqil biznes faoliyatini boshlash niyatidagi fuqarolar va yoshlar biznes-reja ishlab chiqish, bankda milliy hamda xorijiy valyutada hisobvaraq ochish, kredit olish shartlari va tartibi hamda tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar bo‘yicha 22 soatlik mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Haftalik mazkur kurslar yakunida tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi.

- Uch yildan buyon tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi Samarqand shahridagi «Mahmud sifat textil» oilaviy korxonasi rahbari Mahmud Ergashev. – Tikuvchilik korxonamizda 20 nafar ishchi mehnat qiladi. Faoliyatimiz yildan-yilga kengayib va rivojlanib boryapti. Shu paytgacha ichki bozorga mahsulot tayyorlar edik, endi xorijga chiqarishni mo‘ljallayapmiz. Bunda marketing, menejment, eksport-import masalalarida bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lmasak, ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Shu jihatdan mazkur o‘quv dasturidagi barcha mavzular natijasida men o‘zim uchun zarur ma’lumotlarni oldim.

Shunday o‘quv kurslar Oqdaryo, Jomboy, Bulung‘ur, Payariq tumanlarida ham tashkil etildi.

Ma’lumot o‘rnida: 2019 yilning 6 oyi davomida viloyatimiz bo‘yicha 22 marta shunday o‘quv kurslari tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlarda 670 nafar tinglovchi o‘qitilib, ularga sertifikatlar topshirildi. Mashg‘ulotlarda qatnashgan fuqarolardan 54 nafari o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, qolganlari esa faoliyatini kengaytirishga muvaffaq bo‘ldi.

Nodir BOBOKALONOV,

«Tadbirkorlik faoliyati asoslarini

o‘qitish respublika markazi»

viloyat filiali rahbari.