Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada vafot etgan ikki o‘zbekistonlik haqida xabar berdi

Mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi 2002 yil 21 mayda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi M.B.ning 2021 yil 2 yanvar kuni Izmir muzofoti (Turkiya Respublikasi) Karshiyaka tumanidagi turar-joy binosining o‘ninchi qavatidan tushib ketishi oqibatida vafot etganligi haqida OAVda tarqatilgan ma’lumotni tasdiqladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar O‘zbekiston fuqarosining o‘limi bo‘yicha tergov jarayonini boshladi.

Bundan tashqari, Bosh konsulxona ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar kuni Istanbul shahrida 1974 yil 11 iyunda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Sh.R yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

«Bosh konsulxona yuqoridagi holatlarni nazoratga olib, Turkiyaning vakolatli idoralari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekistonga dafn etish uchun yuborishni tashkil qilishda marhumlarning yaqinlariga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatildi".

Shuningdek, konsullik-huquqiy departamenti Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarur holatlarda Anqara shahridagi mamlakatimiz elchixonasiga (tel.: +90-312-441-38-71, +90-312-441-17-46) va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonaga (tel.: +90 212-323-20-36, +90 212-323-20-37) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.