Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Terlashga qarshi vosita qay bir turi ma’qul?

Qadimgi Rimda terlashga qarshi efir moylari ishlatilgan. Aytishlaricha, o‘sha paytlar xushbo‘y vanna qabul qilish noxush hiddan xalos bo‘lish usuli sifatida ommalashgan ekan. Erkaklar esa qo‘ltiq ostiga xushbo‘y xaltachalar osib yurishgan.

Bugun terlashga qarshi vositalarning xili ko‘p. Shunday bo‘lsa-da, bir savol o‘ylantiradi: qay biri zararsiz? Quyida siz uchun foydali tavsiyalarni hozirladik.

Bakteriyalarga qarshi – dezodorant

Ushbu vosita terida noxush hid keltirib chiqaruvchi bakteriyalarga qarshi kurashadi. Biroq dezodorantdan foydalanganda ter ajralishi kamaymaydi.

Hozirgi paytda dezodorantning spreyli, qattiq qalamcha, stik, deo-toshli, kristall, surtma, gel va upa shaklidagi turlari bor. Stik, krem va sprey kiyimda dog‘ qoldirgani bois nozikta’b ayollar e’tiborini qozona olmadi.

Gelsimon ko‘rinishdagi dezodorantlar esa glitserinli bo‘lib, libosda dog‘ qoldirmasligi bilan ahamiyatli. Upali dezodorantga kelsak, u oddiy talk va turlicha ifori bilan farqlanadi. Kristall va deo-toshlar o‘ta ta’sirchan teri sohibalari uchun ayni muddao.

Bu mavsumda atir bilan birga qo‘llash mumkin bo‘lgan hidsiz, antibakterial xususiyatga ega dezodorantlar ishlab chiqarilmoqda.

Ikkitasi birda

Yozda terlashga qarshi birinchi raqamli vosita bu - antiperspirant. Dezodorantdan farqi, u ter ajralib chiqishini ham kamaytiradi. Antiperspirantdan foydalanilganda ma’lum vaqt terlamaysiz va noxush hiddan xalos bo‘lasiz. Ushbu vositaning ham qattiq, suyuq, gelsimon, sharchali, aerozol, stik kabi turlari bor. Eng ommalashgani qattiq stik va gelsimon antiperspirant.Ular teriga yaxshi singadi, kiyimda dog‘ qoldirmaydi va silliq qobiq hosil qiladi.

Antiperspirant ter bezlarining suyuqlik ishlab chiqarish jarayonini cheklab, teriosti yallig‘lanishini yuzaga keltirishi va limfa tugunlariga zarar yetkazishi mumkin. Bunga uning tarkibidagi ruh oksidi sabab bo‘ladi. Ayni modda ter ajralishiga qarshi kurashadi. Shu bois antiperspirantdan muntazam foydalanib bo‘lmaydi.

Kimga qanday?

Uch soat davomida ter hididan himoyalanish talab etilsa, dezodorantdan foydalangan maqul. Ko‘proq vaqt davomida ter hidi va ter ajralib chiqishidan xalos bo‘lish uchun esa antiperspirant samarali vositadir.

Ushbu vositalar bir sutkada bir marotaba qo‘llanadi.

To‘g‘ri qo‘llang!

Dush qabul qilganingizdan so‘ng darhol qo‘ltiqosti terisiga dezodorant sepishingiz kerak. Agar yuvinishning imkoni bo‘lmasa, antibakterial salfetka yordamida teri yuzasini artib, so‘ng seping.

Depilyasiyadan so‘ng 2-3 soat o‘tgachgina terlashga qarshi vositani qo‘llash mumkin.

Quyoshda toblanmoqchi bo‘lsangiz, qo‘ltiq ostiga surtilgan vositani yuvib tashlang. Yo‘qsa, terida dog‘ paydo bo‘lishi mumkin.

Sport mashg‘ulotlari paytida dezodorantdan foydalangan maqul.

Tarkibi muhim

Mahsulot yorlig‘ida alyumin tuzlari va sink mavjud bo‘lsa (xlorid, sulfat, laktat, xlorgidrat) haqiqatan ham u antiperspirant bo‘ladi.

Alyumin tuzlarining miqdori 25 foizdan ortiq bo‘lmagan taqdirdagina teri uchun xavfsiz hisoblanadi.

Agar teringiz juda nozik bo‘lsa, tarkibidanamlantiruvchi va yumshatuvchi glitserin va siklometikon mavjud bo‘lgan vositani tanlang.

Mahsulot ifori qanchalik o‘tkir bo‘lsa, shuncha ko‘p sintetik qo‘shimchalar solingan bo‘ladi. Bu esa allergiya qo‘zg‘atishi yoki markaziy nerv tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Terlashga qarshi vositani tanlayotganingizda yallig‘lanishga qarshi, bakteriyalardan himoya qiluvchi kumush ionlari, aloe yoki tirnoqgul (kalendula) efir moylari qo‘shilganiga ahamiyat bering.

Yana bir muhim jihat: agar ushbu vositalar tarkibida triklozan, ftalat, propilenglikol, polietilenglikol bo‘lsa xarid chog‘i shoshilmang. Ularning o‘rniga tarkibida mineral tuzlar, eman po‘stlog‘i ekstrakti, mavrak (shalfey) va efir moylari borini tanlaganingiz ma’qul.

Davlovchi turlari ham bor

Dorixonalarda qo‘ltiq osti terisini quritib, ko‘p ter ajralib chiqishiga qarshi kurashuvchi vositalar sotiladi. Bunday dezodorantlar ko‘p terlaydigan ayollarga tavsiya etiladi.

Shuningdek, zamonaviy kosmetologiya nozikta’b ayollarga tuk o‘sishini sekinlashtiruvchi, 48 soatlik himoyani ta’minlovchi, terini silliqlovchi, atir kabi turli iforga ega terlashga qarshi vositalarni taklif qilmoqda. Qay biridan foydalanishni o‘zingiz hal eting.

Shirin SIDDIQXO‘JAYeVA tayyorladi.