Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tuman hokimi o‘rinbosari 5 ming dollar pora olayotganda ushlandi

Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimining kapital qurilish, kommunal xo‘jalik, obodonlashtirish, sanoat va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Erkin Zohidov ta’magirlik yo‘li bilan pora olayotganda ushlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar berdi.

Tezkor tadbir davomida Erkin Zohidov 5000 dollar miqdorida pora olayotganda ushlandi. U o‘zboshimchalik bilan qurilgan ko‘chmas mulkka huquqni tan olish to‘g‘risidagi hokim qarorini chiqarishda yordamlashishga va’da bergan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 11 oktyabr kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan Erkin Zohidovga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi (ta’magirlik yo‘li bilan pora olish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Erkin Zohidov (1971 yilda tug‘ilgan) — 1994 yilda Toshkent arxitektura-qurilish institutini tamomlagan. “Labzak Stroy Plus” (2010−2016), “Makon Kapital Invest” (2016−2019) kompaniyalari direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha maslahatchisi vazifalarida ishlagan. 2019 yildan Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.