Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

UzAuto Motors kompaniyasi Qozog‘istonda «Chevrolet» avtomobillarini ishlab chiqarishni boshladi

Bugun, 28 mart kuni Qozog‘istonning Ko‘stanay shahrida «Chevrolet» brendi ostida UzAuto Motors avtomobillarini yig‘ish boshlandi.

General Motors kompaniyasi UzAuto Motors bilan birgalikda «Cobalt» (avvalgi Ravon R4) oilaviy sedani, tijoriy foydalanish uchun «Damas» hamda «Labo» avtomobillari hamda premium sinfga mansub «Malibu» avtomobillari yangi modellarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Yangi modellarni ishlab chiqarish avvalroq Ravon «Nexia R3» avtomobili ishlab chiqarilgan «SariarkaAvtoProm» MChSh (mas’uliyati cheklangan shirkati) quvvatlarida yo‘lga qo‘yildi. Barcha mahsulotlar General Motors kompaniyasi tomonidan belgilangan jahon standartlari asosida ishlab chiqariladi. Qayd etish joizki, Qozog‘istonda eng mashhur sanalgan Ravon «Nexia R3» avtomobili ham endilikda Chevrolet brendi ostida ishlab chiqariladi. Ushbu yo‘nalishda keyingi qadam Chevrolet  modellari qatorini yangi istiqbolli “Tracker” va “TrailBlazer” va boshqa avtomobillar bilan to‘ldiriladi.

Konveyerni tantanali ravishda O‘zbekistondan teleko‘prik orqali ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Qozog‘iston Bosh vaziri Askar Uzakpayevich Mamin ishga tushirdi.

Dastlabki bosqichda ishlab chiqarish hajmi yiliga 26 000 transport vositasini tashkil qiladi. Kelgusida uni 100 000 dona avtomobilga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, ishlab chiqarishning dastlabki yili davomida 13 000 avtomobillarni yaqin xorij davlatlariga eksport qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, loyiha 2020 yilning 26 fevral kuni Urganch shahrida chegaralararo hamkorlik Forumi doirasida “Allur Group” kompaniyalar guruhi hamda «O‘zavtosanoat» AJ o‘rtasida tashkil etilgan qo‘shma korxona doirasida amalga oshirilmoqda. Avvalroq, 2017 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qozog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida «Sariarka AvtoProm» MChSh ishlab chiqarish quvvatlarida avtomobillarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Ushbu davr mobaynida ichki va eksport bozorlariga mo‘ljallangan, qiymati 85 million AQSh dollari bo‘lgan 11 mingdan ortiq yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.