Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyatimizdagi 1607 ta diqqatga sazovor joylar Respublika milliy ro‘yxatiga kiritilgan

Muzeylar va tarixiy obidalar har bir xalqning ilmiy-madaniy merosini ifoda etuvchi jonli tarix. U xalqning madaniyati, turmush tarzi, milliy an’ana va qadriyatlarini o‘rganish, ularni targ‘ib etish va kelgusi avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi. Muzeylar va tarixiy obidalar chinakam ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy xazina bo‘lib, yildan-yilga boyib, qiymati oshib boradi.

Yaqinda Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan «Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ushbu maskanlar faoliyatining samaradorligini oshirish asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Jumladan, 2025 yilgacha bo‘lgan muddatda har bir tuman va shaharda O‘lkashunoslik muzeylarini tashkil etish, ularning eksponatlarini boyitish, asrab-avaylash va xodimlar manfaatdorligini oshirish, shuningdek, bu boradagi huquqiy asoslarni takomillashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Davlat muzeylarida har oyning birinchi yakshanbasi «Ochiq eshiklar kuni» deb e’lon qilinib, fuqarolarning ushbu maskanlarga bepul kirib ko‘rishlariga imkon yaratilayotgani ham alohida e’tiborga loyiq. Zero, bu xalqimizning shonli tarixi va ajdodlarimizning bebaho merosiga doir bilimlarini boyitish, qalbida milliy g‘ururni yuksaltirishga katta hissa qo‘shadi.

Bugungi kunda viloyatdagi 1607 ta diqqatga sazovor joylar, ya’ni madaniy meros ob’yektlari Respublika milliy ro‘yxatiga kiritilgan. Bundan tashqari, 10 ta davlat va 30 tadan ortiq nodavlat muzeylarda qariyb yarim millionga yaqin muzey ashyolari avaylab saqlanib kelinmoqda. Ularni  tadqiq etish, saqlash, hisobga olish, boyitib borish, muhofaza qilish g‘oyat muhim masala ekanligi inobatga olinib, Madaniyat vazirligi huzurida Madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladigan bo‘ldi.

Shuningdek, ushbu hujjatda Madaniyat vazirligi tizimida kelgusida onlayn portalni ishga tushirish, madaniyat muassasalari, muzeylar va tarixiy obidalar faoliyatida kirish-chiqish joylariga elektron turniketlar o‘rnatish, elektron chiptalar joriy etish ishlarini amalga oshirish ham ko‘zda tutilmoqda. Bu ishlar bizning sohamizda shaffoflikni oshirish, madaniyat muassasalari, muzeylar va tarixiy obidalar faoliyatidan aholining yanada qulay va oson foydalanishini ta’minlaydi.

Mazkur hujjatda bu sohada ishlovchi xodimlar malakasini oshirish, axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, ularning ish haqi miqdorini oshirish va mehnatiga yarasha rag‘batlantirish masalalari ham ko‘zda tutilgan. Ko‘p vaqtlardan buyon o‘z yechimini kutayotgan Milliy muzey fondi va katalogini shakllantirish sohasidagi ishlarni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish “Konsepsiyasi” va uni amalga oshirish bo‘yicha ”Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.

Madaniy meros ob’yektlarida xodimlar va tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy internet xizmatlaridan keng foydalanish, xorijiy hamkorlar bilan o‘zaro aloqalarni kengaytirish, har bir ob’yektning imkoniyatidan kelib chiqib, ularda turli tadbirlar tashkil etish masalalari ham hujjatda keng yoritib berilgan.

X.SAMAROV,

Registon ansambli direktori.