Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xalqqa suyangan xalq nazarida yashaydi

To‘lqin Eshbekning «Katta karvon yo‘ldan adashmas» sarlavhali maqolasini o‘qib siyosiy mavzuda tahliliy materiallar yozayotgan hamkasblarim ko‘payib borayotganligidan, muallifning jasoratli xulosalaridan xursand bo‘ldim.

Binobarin, hayotning bir haqiqatini tan olmasdan ilojimiz yo‘q: ijtimoiy munosabatlar har qanday demokratik davlatda ham bir xil bo‘lmaydi. Qabul qilinayotgan qonunlar ham barchaga birdek ma’qul kelavermaydi.

Demokratiyaning asosiy taomili ham ana shu xilma-xillikka yo‘l ochishda, ya’ni har bir fuqaro jamiyat haqida o‘z fikrini madaniy tarzda ayta olsin. Davlatning vazifasi esa ana shu fikr-mulohazalarni hisobga olib, o‘z islohotlari strategiyasini belgilab olishdir. Chunki taklifi inobatga olingan kishi uni ro‘yobga chiqarishda ham faollik ko‘rsatadi.

Islom Karimov bu haqiqatni yaxshi bilgan. Matbuotni muassis tazyiqidan xoli qilish, mahalla rolini kuchaytirish, davlat organlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasidagi tashabbuslari ana shu qarashlari samarasidir.

Birinchi Prezidentimiz xalqning fikriga suyanadigan inson edi. Samarqandga tashrif buyurganida joylarda oddiy odamlar bilan dildan suhbatlashganini o‘zim ko‘rganman. 1990 yilning kuzida viloyatga tashrifi chog‘ida Oqdaryo, Ishtixon, Narpay, Paxtachi tuman faollari bilan uchrashuvlarida «O‘zbekiston ovozi»ning viloyat muxbiri sifatida ishtirok etganman. Ayniqsa taniqli insonlarni diqqat bilan tingladi.

2002 yil kuzida ham u kishi Buxorodan qaytayotib viloyat faollari bilan qisqa muddatga uchrashdi. Har bir soha vakillaridan fikr, taklif so‘radi. Meni ham minbarga taklif etdi. Kamina O‘zbekistonda jurnalistlar uyushmasi yo‘qligi, OAVni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi siyosiy kuch bo‘la olmasligini aytdim. Davlat rahbari shu yerning o‘zida bu taklifni puxta o‘rganish lozimligini mutasaddilarga topshirdi va ko‘p o‘tmay bu uyushma ta’sis yig‘ilishi bo‘ldi.

Darvoqe, I.Karimovning ishonadigan odamlari haqida. 2003 yilda viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘ldi. Unda Bosh vazir bo‘lib saylangan Sh.Mirziyoyev ham qatnashdi. O‘shanda I.Karimov muhim bir gapni aytdi.

- Ko‘pchilik, ayniqsa xorijlik siyosatchilar mening Prezidentlik barobarida Vazirlar Mahkamasiga raisligimni tanqid qilishayapti. Bu to‘g‘ri gap, - dedi u kishi. – Lekin bir holatni hisobga olinglar, men faoliyatim davomida ko‘p safdoshlarimga ishondim, vakolat berdim. Biroq ular ishonchimni oqlamadi. Jon kuydirmagani yetmaganidek davlat manfaatiga zid ishlarga qo‘l urdi. Lekin endi ko‘nglim to‘ldi, Shavkat Mirziyoyev ishonsa, suyansa bo‘ladigan rahbar. Endi, nasib etsa, Vazirlar Mahkamasi vakolatini to‘lasincha o‘ziga topshiramiz.

Va shunday bo‘ldi ham. Sh.Mirziyoyev xalq, davlat manfaati yo‘lida fidoyilik ko‘rsatishda nafaqat Birinchi Prezidentning, balki mamlakat aholisining ham ishonchini, hurmatini qozona oldi. Vatanni, xalqni sevishni ustozidan puxta o‘rgangan bu inson qisqa muddat ichida xalqqa suyanish, xalqqa ishonish va xalqni qadrlash mamlakat taraqqiyotida nechog‘lik muhim ekanini amalda isbotlay oldi.

Ishonch va qadrlash fidoyilikka, sadoqatga qanot bag‘ishlaydi. Bugun O‘zbekistonda barcha siyosiy kuchlarning bir maqsad sari intilishi, har bir kishining o‘z taqdiriga mas’uliyati uyg‘onishi ana shu ezgu fazilatlar samarasidir.

F.Ishoqov.