Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xorijiy fuqarolarning vizasi 5 mayga qadar uzaytiriladi

O‘zbekiston hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolarning mamlakatdan chiqib ketishidagi muammolarni inobatga olib, ularning viza muddati joriy yilning 5 may sanasigacha avtomatik tarzda uzaytiriladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya yig‘ilishida shunga doir qaror qabul qilindi.

Hujjatga ko‘ra, muayyan muddatga vizasiz kirish huquqiga ega davlatlar fuqarolariga ham (belgilangan muddat buzilgan taqdirda) istisno tarzida mamlakat hududidan chiqib ketishiga 2020 yilning 5 mayiga qadar ruxsat beriladi.

Yuqoridagi holatlarda xorijiy mamlakatlar fuqarolariga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaydi hamda jarima undirilmaydi.

Transport vazirligi Tashqi ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda xorijiy fuqarolarning o‘z yoki uchinchi mamlakatga qaytishi uchun xarid qilingan Uzbekistan Airways AJning aviachiptasi mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning qaytib ketishi uchun tegishli reyslarini qo‘shimcha mablag‘ undirmagan holda tashkil etadi.