Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yangi o‘quv yilida kollejlar nima bo‘ladi?

O‘tgan davr mobaynida 3 ta kasb-hunar kolleji ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga aylantirildi. Bundan tashqari, 24 ta kollej binosi boshqa tashkilot, vazirlik, idoralar, 54 ta kollej bino va inshootlari esa umumiy o‘rta ta’lim maktablari tasarrufiga o‘tkazildi.

Bugungi kunda 86 ta kasb-hunar kolleji optimizatsiya jarayonida. Ulardan 15 tasi oliy ta’lim bilan uyg‘unlashtirilgan o‘rta maxsus professional ta’lim beradigan oliy maktab bo‘ladi. Shuningdek, 10 tasi o‘rta professional ta’lim beradigan idoraviy (vazirlik, idora, yirik korxonalar va klasterlar), 37 tasi boshlang‘ich professional ta’lim beradigan ko‘p tarmoqli kasb-hunar maktablari sifatida faoliyat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, 3 ta kollejda bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladigan kasb-hunarga o‘qitish markazlari tashkil etish rejalashtirilgan. Yana 1 ta kasb-hunar kollejini davlat test markazi tasarrufiga berish ko‘zda tutilayapti. Kelgusida oliy ta’lim muassasalari 20 ta kollejdan texnologik markaz sifatida foydalanadi.

2019-2020 o‘quv yilida 9-sinf bazasida 110 ta kasb-hunar kollejida 23 580 nafar 3-bosqich o‘quvchilari, shuningdek, umumiy o‘rta ma’lumot asosida 19 soha bo‘yicha 4278 nafar o‘quvchilar ta’limni davom ettiradi.

Kasb-hunar kollejlarining bino-inshootlarini va qozonxonalarini joriy ta’mirlash bo‘yicha ta’lim muassasalariga mahalliy byudjet hisobidan 4,892 milliard so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha 2,937 milliard so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 5 ta ta’lim muassasasida 1,385 milliard so‘m mablag‘ asosida 30 ta energiya tejamkor qozonlar o‘rnatildi.

Shunga qaramay Bulung‘ur sanoat, Ishtixon maishiy xizmat, Nurobod maishiy xizmat, Past Darg‘om xizmat ko‘rsatish va servis, Ispanza agrotadbirkorlik va servis kasb-hunar kollejlari isitilishida kamchilik va muammolar mavjud. Shu bois muqobil isitish ta’minoti tizimini joriy etish, kuz-qish mavsumida qo‘shimcha mablag‘ bilan ta’minlash zarur.

Aziz NASIMOV,

viloyat kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmasi boshlig‘i.