Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yarmarkadagi narx-navo: Samarqandda o‘quv qurollari uchun ota-onalar qancha mablag‘ sarflayapti?

Bekatda avtobus kutib o‘tirgandim. Farzandning onasiga qilayotgan injiqligi e’tiborimni tortdi.

“Oyijon, o‘sha sumka judayam yoqdi, olib bering”, deydi. “Qizim, tushunsangchi, 250 ming ekan. Hali opang bilan akangga ham o‘quv qurollari olishimiz kerak. Olib beraman, faqat boshqa yarmarkalarni ham borib ko‘raylik, balkim u yerda arzonroqdir...”

Ona vaziyatni farzandiga tushuntirishga harakat qilayotgan edi. Xo‘sh, haqiqatan ham narx-navo bozorlarda qanday ekan? Ushbu holatni o‘rganish uchun  shahrimiz bozorlarida tashkil qilingan yarmarkalarni ko‘zdan kechirib chiqdim. Samarqand shahri mikrorayon hududining Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidagi yarmarkada narxlar quyidagicha ekan. Maktab sumkalari 130 ming so‘mdan boshlanib, 220 minggacha, kundalik daftar 7 ming so‘mdan 20 minggacha, 12 varaqli daftarlar  400 so‘m , 36 varaqlisi 1400 so‘m, 48 varaqli 2 ming, 96 varaq 3 ming.  Rangli qalamlar 15 ming so‘mdan boshlanarkan, rasm daftarlar varag‘ini kam ko‘pligiga qarab 5500 so‘mdan to 18 ming so‘mgacha ekan. Rangli qog‘oz sifatiga qarab 5 ming so‘mdan 7 minggacha , plastilin 7 ming so‘mdan boshlanarkan, qalamdon 8 ming so‘mdan 42 minggacha, ruchka 500 so‘mdan 4 minggacha , lineyka 3 ming so‘m.

 Shodiyona bozorida tashkil kilingan yarmarkada kundalik 14 ming so‘mdan 20 minggacha , sumka 120 ming, 12 varaqli daftar  350 so‘m , 36 varaq daftar 1300 so‘m, 48 varaqlisi 1400 so‘m, 96 varaqli  3 ming so‘m, rangli qalamlar 8 ming so‘mdan 22 minggacha, rasm daftarlar 7 ming so‘mdan 16 minggacha, rangli qog‘oz 6 ming so‘mdan 8 minggacha , plastilin 12 ming so‘mdan boshlanadi. Qalamdon ( penal ) 8 ming so‘mdan 42 minggacha , ruchka 500 so‘mdan 4 minggacha, lineyka 3 ming, daftar muqovasi 3 ming so‘mdan 8 minggacha.

 Yangi bozor yarmarkasida kundalik daftar 13 ming so‘mdan 20 minggacha, sumka 75 ming so‘mdan 180 minggacha, 12 varaqli daftar 300 so‘m, 36 varaqlisi 1300, 48 varaqli daftar 1400, 96 varaqli daftar 3 ming so‘m.  Rangli qalamlar 13 ming so‘mdan 16 minggacha, rasm daftarlar 40 varaqlisi 10 ming so‘m, 30 varaqli 8 ming ,  24varaqlisi 6 ming, 12 varaqlisi  5 ming so‘m. Rangli qog‘oz sifatiga qarab 5 ming so‘mdan 7 minggacha, plastilin 9 ming so‘mdan 12 minggacha , qalamdon ( penal ) 10 mingdan 30 minggacha, ruchka 500 so‘m, chizg‘ich 4 ming so‘m.

Ota-ona bitta  farzandi uchun o‘quv qurollarining o‘rtacha narxdagisidan oladigan bo‘lsa, mikrorayon hududidagi yarmarkadan  321 300 so‘m ishlatar ekan.

Shodiyona bozoridan xarid qilsa  301 800 so‘m sarflaydi.

Yangi bozordan olishsa  266 700 so‘m mablag‘ sarflashar ekan.

Qiziq tomoni yarmarkadagi o‘quv qurollari bir xil. Lekin narxi har xilligi odamni ajablantiradi.  Ona bekordan bekor tashvishlanmaganmikan? Bir oilada ikki yoki uch nafar farzand o‘qisachi?  Hali bu ro‘yxatga maktab formasi, poyabzal, sport kiyimi qo‘shilmagan. Sotuvchilar xaridorlarga arzon narsaga uchmaslikni, sal qimmat bo‘lsa ham, sifatli narsa tavsiya qilishmoqda. Sifatli narsaning narxi esa...

 Munisa Shamsiyeva.