Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bilan bog‘liq qabul qilinishi kutilayotgan farmonga qanday taklifingiz bor?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni loyihasi  www.regulation.gov.uz portaliga joylashtirildi. Ayni kunlarda ushbu hujjat loyihasi jamoatchilik tomonidan keng muhokama qilinmoqda.

Yashirin iqtisodiyot turli shakllarda namoyon bo‘lishi va mamlakatimizda uning darajasi yuqoriligicha qolayotganligi hech kimga sir emas. Buni mamlakatimizning iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnidan ham ko‘rsa bo‘ladi. Xususan, ushbu reytingda respublikamiz 186 ta mamlakat orasida 114-o‘rinni egallaydi.

Albatta, keyingi yillarda biznesga qo‘shimcha qulayliklar yaratish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Moliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Prezident farmoni loyihasi ham ushbu islohotlarning davomi sifatida ezgu maqsadlarni nazarda tutishi shubhasiz.

Biroq yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazib qo‘ymaslik lozim. Aks holda bu oldimizga qo‘yilgan maqsadlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Farmon loyihasi yuzasidan soha mutaxassislari, ekspertlari, ilmiy doira vakillari, jurnalist va blogerlar tomonidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Markaziy bankka o‘z takliflarini kiritdi.

O‘ylaymizki, mas’ul vazirlik va idoralar jamoatchilik fikrini e’tiborga olib, ushbu farmon loyihasini qayta ko‘rib chiqadi.

Erkin GADOYeV,

Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi.