Yosh oilalarning buzilib ketishiga asosiy sabab nima ekani ma’lum bo‘ldi

Xalqimizning oilada farzand tarbiyasida o‘lmas qadriyatlaridan biri qizlarni yoshligidan chevarlikka o‘rgatish bo‘lgan. Ularga kashtachilik sirlarini singdirishgan. Turmushga chiqadigan qizlar to‘yiga atab kashtalar, kuyovga atab belbog‘, ro‘molchalar tikib sepiga qo‘shgan. Bunday qaraganda, hozirda qizlarni bo‘sh vaqtida ko‘zining nurini to‘kib, mashaqqatli ish bo‘lgan kashta, do‘ppi tikishlariga ehtiyoj yo‘q. Bozorlarda istalgancha topiladi. Biroq bu udumning zamiriga chuqurroq razm solsangiz unda bo‘lajak oila rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan ma’naviy tarbiya mujassamligini ko‘rasiz.
Qiz bolaning shirin xayollar, pokiza orzu-niyatlar bilan o‘z qo‘li bilan to‘yiga atab tikkan buyumlari mehr-muhabbat, sadoqat, vafodorlik timsolidir. Bu esa kelajakda qurilajak oilalar mustahkamligi, er-xotinning o‘zaro ahilligi, farzandlar tarbiyasida hamjihatligiga xizmat qiladi. Xalqimiz «Epli qiz – sepli qiz» deyishadi. Kelin bo‘lib tushgan qizni uy-ro‘zg‘or yumushlariga uddaburonligi, saranjom-sarishtaligi, tikuv-bichuvga chevarligi oilaga fayz bag‘ishlaydi. Ota-onasiga rahmat yog‘diradi.
Hech kimga sir emas, hozirda juda ko‘p yosh oilalarning buzilib ketishida kelinlarni ro‘zg‘or yuritishga uquvsizligi, vaqtida bunga e’tibor bermaganliklari ham sabab bo‘layotir.
Rahima xola o‘tgan yili o‘g‘lini uylantirgan edi. Yarim yil o‘tmasdan ajratib yubordi.
- Keksayganimda kelinim uy-ro‘zg‘or yumushlarini qo‘limdan oladi, deb o‘ylagan edim, - deydi xunobi oshib Rahima xola. – Qo‘lini sovuq suvga urmay o‘sgan ekan. Oddiygina supurib-sidirish, pishirish, kir-chirni chayish, yasash-yasatishni ham bilmaydi. Ilgarigi g‘ayratim, ko‘zda nurim oyoq-qo‘lda madorim bo‘lsaydi unga qaram bo‘lib o‘tirmasdim…
Afsuski, kelin bo‘lgach, ro‘zg‘or mashaqqatlariga dosh berolmayotganlar uchrab turadi. Demoqchimanki, qizlarimiz bolalikdan oila degan muqaddas qo‘rg‘onning chinakam malikasi bo‘lishga tayyorlanib borishsa nur ustiga nur bo‘lardi.
Tog‘aymurod Shomurodov.