Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Zavod faoliyati to‘xtamadi, xodimlar xavfsizligi ta’minlangan

Hayot davom etadi. Yashash uchun kurashish kerak. Inson organizmi uchun suv va havo, oziqlanish qanchalik muhim bo‘lsa, korxona va tashkilotlar barqarorligi uchun ularning ishlab turishi talab etiladi. O‘z navbatida, bu mamlakat iqtisodiyotiga, har bir oila ro‘zg‘origa ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bois bugungi murakkab sharoitda ham avvalo, ishchi-xodimlar salomatligini xavf ostiga qo‘ymagan holda respublika sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tavsiya etilgan qoidalarga qat’iy rioya qilib, faoliyatimizni davom ettiryapmiz.

Ikki yuz nafardan ko‘proq xodimlarimizni har kuni belgilangan vaqtda dezinfeksiya qilinayotgan maxsus avtobuslarimizda zavodga olib kelib, ishdan so‘ng uylariga yetkazishni yo‘lga qo‘yganmiz. Korxonada ham xodimlar tekshiruvdan o‘tkazilib, tibbiy niqob, antiseptik vositalar bilan ta’minlanmoqda. Sexlar har kuni bir necha marotaba dezinfeksiya qilinmoqda.

Oshxonamizda ham ikki yuz kishi bir vaqtning o‘zida ovqatlanishi uchun imkoniyat mavjud bo‘lsa-da, bugungi sharoitdan kelib chiqib, 20-25 kishidan navbati bilan ovqatlanmoqda.

Nima uchun bunday yo‘l tutyapmiz? Chunki ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz – tibbiy inventarlar, sport jihozlari, mebel va qurilish materiallariga buyurtmalarimiz ko‘p. Bu buyurtmalarning aksariyati investitsiya dasturlari bilan bog‘liq. Misol uchun, bugungi kunda Samarqand viloyatidagi bir qator oilaviy poliklinikalar, tibbiyot muassasalari uchun jihozlarni yetkazib berishni zimmamizga olganmiz. Ularni o‘z vaqtida yetkazib bermasak, bu muassasalarni foydalanishga topshirish keyinga suriladi. Yoki joriy yildan boshlab ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan kompozit armatura (Samarqandda faqat bizda tayyorlanadi), turli profildagi metall quvurlarga ham bugun qurilish ishlarida talab yuqori, buyurtmalarimiz juda ko‘p.

Bugungi kunlar barchamiz uchun, butun xalqimiz uchun bir sinov. Bu sinovdan eson-omon, ortiqcha talafot va yo‘qotishlarsiz o‘tish ham avvalo, o‘zimizga, tavsiya etilayotgan tartib-qoidalarga rioya etishimizga bog‘liq. Biz ana shu qoidalarga amal qilib, iqtisodiyotimiz barqarorligi, oilalar farovonligi va yurtimizdagi bunyodkorlik ishlari davom etishi uchun ishlayapmiz.

Ilhom XALILOV,

Samarqand tumanidagi “Stekloplastik” MChJ rahbari.