Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Ziyorat turizmi” forumi qatnashchilari Samarqandni ziyorat qildi

Buxoro shahrida o‘tkazilgan I xalqaro “Ziyorat turizmi” forumi qatnashchilari 23 fevral kuni Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

Dunyoning turli mintaqalaridan kelgan yuqori martabali mehmonlar, ko‘plab xalqaro tashkilotlar vakillari erta tongda Samarqand temir yo‘l vokzalida Samarqand viloyati hokimligi mutasaddilari va keng jamoatchilik vakillari tomonidan kutib olindi.

Forum qatnashchilari dastlab Samarqand shahridagi Shohi Zinda masjidida bomdod namozini ado etib, mazkur majmuani ziyorat qildilar. Bu yerda ularga ulug‘ ajdodlarimiz tomonidan bunyod etilgan noyob me’moriy yodgorliklar, maqbaralarini asrab-avaylash, obod etish borasida olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Dunyoga mashhur Registon majmuasi bilan tanishuv ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, bir necha asrlik tarixga ega Mirzo Ulug‘bek, Tillakori va Sherdor madrasalarini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish maqsadida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari xorijlik olim va mutaxassislarga manzur bo‘ldi. 

Shundan so‘ng, xalqaro anjuman ishtirokchilari Payariq tumaniga yo‘l olib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Hadis ilmi maktabida bo‘lib, ushbu muassasalari faoliyati, ilmiy xodimlar va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.

Mehmonlarga markazning tashkil etilishi, vazifa va maqsadlari, buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Markaz muzeyi va undan joy olgan Imom Buxoriyning “Sahihi Buxoriy” kitobining qadimiy qo‘lyozma nusxasi, buyuk muhaddisning ayni paytda dunyoning turli mamlakatlarida saqlanayotgan noyob asarlari nusxalari va boshqa eksponatlar ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Samarqandga tashrif davomida mehmonlar viloyatdagi yana bir qator tarixiy-madaniy obidalar, muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.

A.ISROILOV olgan suratlar.