Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya III ta’lim forumi boshlandi

Bugun Samarqand shahrida O‘zbekiston-Rossiya uchinchi ta’lim forumi boshlandi. 26-27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan forumda ikki mamlakat tomonidan 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etmoqda.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlik ko‘lami kengayib bormoqda. Birgina 2021 yilda mamlakatimizda Rossiyaning 4 ta nufuzli oliy ta’lim muassasasi filiali ochilgani bu sohadagi samarali hamkorlikning yorqin namunasidir.

Ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro akademik almashinuv yo‘lga qo‘yilib, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishi, talabalarning turli grant loyihalarda qatnashishi muntazamlik kasb etmoqda.

Ikki davlatning oliy ta’limdagi hamkorligida qo‘shma ta’lim dasturlari muhim o‘rin egallaydi. 2021-2022 o‘quv yilida Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlariga O‘zbekistondan abituriyentlarni qabul qilish bo‘yicha umumiy kvota 4530 tani tashkil etdi. Jumladan, bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha 3937, magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha 593 o‘rin ajratilgan.

O‘tgan o‘quv yilidan Rossiya universitetlari bilan ta’limning ko‘plab yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma dasturlar tuzilgan. Bular tibbiyot sohasida dorixona, stomatologiya, pediatriya, shuningdek, muhandislik-texnik mutaxassisliklar, iqtisodiyot va moliya.

Ushbu forum doirasida ikki mamlakat ta’lim tashkilotlari, yetakchi kompaniyalari o‘rtasida fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, muhandislik-texnologiyasi, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatdagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan muzokaralar o‘tkaziladi.

Forumning dastlabki ishi mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari bilan Rossiya ishlab chiqarish sektorlari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish doirasidagi muzokaralarga bag‘ishlanib, so‘ng shu’balarga bo‘lingan holda davom ettiriladi.

Rossiya-O‘zbekiston ta’lim sohasidagi hamkorlikning yangi yo‘nalishlari - muhandislik kadrlarni tayyorlash, uzluksiz ta’lim tizimini yaratishda Rossiya va O‘zbekiston tajribasi, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi uchun pedagog kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion sohadagi hamkorlik istiqbollariga qaratildi.

Anjuman yakunida 100 ga yaqin hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. Ularning aksariyati Rossiyada rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalari tajribasini mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tatbiq etishga qaratilgan.