Samarqandda Buxoro yahudiylari vakillari ishtirokida xalqaro biznes forum bo‘lib o‘tdi

Bugun viloyat hokimligida “Samarqand viloyati va Buxoro yahudiylari vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollari” mavzusida xalqaro biznes forum o‘tkazildi.

  Forum avvalida viloyat hokimi E.Turdimov Samarqand va AQSh hamda Kanadadagi Buxoro yahudiylar kongressi o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun kongress a’zolarining bir guruhiga hokimlikning faxriy yorliq, esdalik sovg‘alarini topshirdi.

  Shundan so‘ng, mehmonlarga mamlakatimizda savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik, turizmni rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotda keng qo‘llash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Turizm, tibbiyot, qurilish, kosmetologiya, zargarlik va boshqa sohalar bo‘yicha Buxoro yahudiylari bilan hamkorlik qilish, o‘zaro tajriba almashish yuzasidan takliflar bildirildi.

  – Biz O‘zbekistonda o‘zimizni o‘z uyimizdagidek his qilyapmiz, – dedi AQSh va Kanadadagi Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti Boris Kandov. – Bu mamlakatda har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq emasmiz. Erishilayotgan yutuqlarni ham o‘zimiznikidek mamnuniyat bilan qabul qilamiz. O‘zbekiston ravnaqiga hissa qo‘shish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, ularga ko‘maklashishga tayyormiz.

  Forum doirasida mahalliy tadbirkorlar faoliyati, viloyatning investitsiya salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

  – Qo‘shrabot tumanida farmatsevtika yo‘nalishida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman, – deydi tadbirkor Sa’dulla Dastamov. – Tumanimiz qir-adirlarida ko‘plab dorivor o‘simliklar o‘sadi. Ularni terib, qadoqlab, xaridorlarga yetkazib beryapmiz. Hozirda faoliyatimizni kengaytirish va zamonaviy texnologiya kiritish hisobiga mahsulot turi va sifatini oshirishga ehtiyoj tug‘ilmoqda. Ushbu masalada forum qatnashchilariga o‘z takliflarimni aytdim va mehmonlar katta qiziqish bilan qabul qildi.

  Forum davomida mahalliy tadbirkorlar bilan Buxoro yahudiylari kongressi vakillari o‘rtasida tibbiyot, zargarlik, qurilish, turizm va boshqa sohalarda o‘zaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.

To‘lqin Siddiqov.

Baxtiyor Mustanov (foto).