Afg‘onistonning besh elchisi, uch viloyati hokimi ayol

Toshkentda o‘tkazilgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forum ishtirokchilari Samarqandga keldi.

Mehmonlarni Samarqand temiryo‘l vokzalida viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova kutib oldi.

Forum ishtirokchilari tashrifni Samarqanddagi tarixiy maskanlar, qadamjolarni ziyorat qilishdan boshladi.

- O‘zbekistonga, jumladan, Samarqandga ham ilk bor kelishim, - deydi UNFPAning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari ofisi rahbari Alana Armitaj. – Toshkentdagi zamonaviylik, Samarqanddagi tarixiylik hayratimni oshirdi. Xalqaro forumning yuqori saviyada o‘tkazilgani, undagi ishtirokchilarning mavzu yuzasidan o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashganiga guvoh bo‘ldim. Keyinchalik mazkur tajribalar mamlakatdagi gender masalalarining strategik dasturidan o‘rin olishiga ishonaman. O‘zbekistondagi xotin-qizlarning juda ko‘p muammolar haqida dadil fikr bildirgani, ularni hal etish yo‘lida izlanayotgani quvonarli.

- Samarqandga avval ham kelganman, - deydi Afg‘oniston Prezidenti administratsiyasi vakili Fayyoz Hafizulloh. – Har safar shahardagi qadimiylik, qolaversa, tariximizning mushtarakligi e’tiborimni tortadi. Xalqaro forum davomida bizning mamlakatda ham bu borada olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tdim. Aytishim mumkinki, keyingi to‘rt yil ichida bu masalada bizda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Misol uchun, bugun 11 foiz xotin-qizlar yuqori darajadagi lavozimlarda ishlamoqda. Afg‘onistonda uch vazir, besh elchi, uchta viloyat hokimi ayol. Davlat idoralariga ishga qabul qilishda ayollarga imtiyozlar bor. Xususan, ushbu idoralarda ishlash uchun o‘tiladigan imtihonlarda ayollarga qo‘shimcha ballar beriladi. O‘zbekiston bilan hamkorlikning rivojlanishi biz uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki bugun O‘zbekistonda 200 nafar afg‘onistonlik talabalar tahsil olmoqda.

Mehmonlar Samarqanddagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qilib, Toshkentga jo‘nab ketishdi.

Gulruh MO‘MINOVA.