"Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi" yakunlandi
1-3 noyabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” bo‘lib o‘tdi.
Haftalik doirasida “Markaziy Osiyo – Islom san’ati o‘chog‘i” nomli xalqaro forumning ikkinchi ish kuni Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida davom etdi. Markazda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishda O‘zbekiston va xorij tajribasi” nomli I sho‘’ba yig‘ilishida mahalliy va xorijiy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari ishtirok etdi. Konferensiyada yurtimiz va Turkiya, Qozog‘iston davlatlaridan 22 nafar olim va mutaxassis ma’ruza qildi.
3 noyabr kuni “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida forum doirasida “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning II sho‘’ba yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “Nodir manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish, reyestr tuzish va raqamlashtirish masalalari” mavzusiga bag‘ishlangan yig‘ilishda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Misr davlatlaridan 50 nafarga yaqin olim va mutaxassislar ishtirok etdi, 20 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar tinglandi.
- Konferensiya yakuniga ko‘ra ko‘rilgan masalalar va tinglangan ma’ruzalar asosida ilmiy qiymatga ega ma’lumotlar hamda to‘plangan mahalliy va xorijiy tajriba, shuningdek, nodir yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar keng jamoatchilikka yetkazildi, - deydi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori o‘rinbosari Otabek Muhammadiyev. - Ishtirokchilar ma’ruzalarini ilmiy to‘plam tarzida nashr etishga kelishib olindi.
Shu kuni forumning yakuniy sessiyasi va haftalikning yopilish marosimi o‘tkazildi.
Yakuniy sessiyada tashkilotchilar hamda ishtirokchilar ziyorat turizmi haftaligini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda ziyorat turizmi salohiyatini yuzaga chiqarish, O‘zbekistonni jahon sivilizatsiyasining muhim markazlaridan biri sifatida tanitish, shuningdek, ziyorat turizmi xizmatlarini diversifikatsiya qilish va turizm eksportini oshirishdan iborat ekanligini ta’kidladi.
Shu kabi xalqaro tadbirlar samarasi o‘laroq, bugun O‘zbekiston Islom va ziyorat turizmi reytinglarida yuqori pog‘onaga ko‘tarildi, xorijiy musulmon mamlakatlardan kelgan sayyohlar soni ortdi va xalqaro jamiyatda O‘zbekistonning ijobiy imiji yaxshilandi. Xususan, joriy yilda Singapurda musulmon dunyosi turizm bozorini tiklash va rivojlantirishga bag‘ishlangan “Halal in Travel Avards” global sammitida Samarqand shahri “Yilning islom merosi manzili” va “Yilning eng yaxshi rivojlanayotgan musulmon shahri” e’tirofiga munosib ko‘rildi.
Sulaymon Mardiyev.