Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi

Bu o‘zgartishlar qonun ustuvorligi va adolat tantanasi, odamlar rozi bo‘lishi uchun xizmat qiladi.

2021 yil 18 fevralda “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Avvalo, qonun bilan “Ko‘rsatuvlarni mustahkamlab qo‘yish” deb nomlangan yangi amaliyot joriy etildi. Ko‘rsatuvlarni oldindan mustahkamlab qo‘yish – guvoh va jabrlanuvchini ishni sudga qadar yuritish bosqichida prokurorning iltimosiga ko‘ra so‘roq qilish bo‘lib, u sud tomonidan amalga oshiriladi.

Guvohni, jabrlanuvchini (fuqaroviy da’vogarni) ob’yektiv sabablarga ko‘ra (O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqib ketishi, ularda jinoyat ishini yuritishda ishtirok etishni istisno qiladigan og‘ir va davomli kasallik mavjudligi va shu kabi sabablar) ishni sudga qadar yuritish yoki sud muhokamasi chog‘ida keyinchalik so‘roq qilish mumkin bo‘lmay qoladi deb taxmin qilish uchun asoslar mavjud bo‘lgan hollarda, ularning ko‘rsatuvlari oldindan mustahkamlab qo‘yilishi mumkin.

“Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv”, deb nomlangan yana bir muhim yangilik joriy etildi. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv – jinoyat ishini to‘xtatib turish, tugatish, birlashtirish, ayblov dalolatnomasi yoki xulosasini, tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorni prokurorga yuborish hamda nomaqbul dalillarni chiqarib tashlash uchun asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda o‘tkaziladi.

Dastlabki eshituvni o‘tkazish davomiyligi 10 sutkadan oshmasligi kerak.

Dastlabki eshituvda sud muhokamasiga qo‘yilgan masalalar hamda ish yuzasidan to‘plangan dalillar majmuasi yetarliligi va maqbulligi o‘rganiladi. Jinoyat-protsessida dastlabki eshituv tergov va surishtiruv organlarining xatti-harakatlari qonunga muvofiqligi yuzasidan bevosita sud nazorati hisoblanadi.

Demak, dastlabki eshituv joriy etilishi sudning protsessual vakolatlarini mustahkamlash va yanada kengaytirishga, natijada sud, dastlabki tergov organlari hamda fuqarolarning vaqti va sa’y-harakatlarining tejalishi, jinoyat ishlari yurituviga jalb etilgan shaxslarning buzilgan huquqlari tez fursatda tiklanishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, qonunda “Jinoyat ishlari bo‘yicha aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv” joriy qilindi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv – o‘ta og‘ir jinoyat hisoblanmaydigan jinoyatlar bo‘yicha aybiga iqror bo‘lgan, jinoyatni ochishga ko‘maklashgan va zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan prokuror bilan tuziladigan kelishuv.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, aybga iqrorlik to‘g‘risida kelishuv tuzilgan jinoyatlar bo‘yicha jazo belgilangan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmagan holda tayinlanadi.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv jinoyat ishini yuritishni o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladigan kelishuvdir.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv quyidagi shartlar mavjud bo‘lgan taqdirda tuziladi:

- gumon qilinuvchi, ayblanuvchi o‘z harakatlarining mohiyatini, shuningdek o‘zi bergan iltimosnomaning oqibatini anglab yetgan bo‘lsa;

- iltimosnoma ixtiyoriy ravishda va ishda ishtirok etayotgan himoyachi bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan keyin berilgan bo‘lsa;

- gumon qilinuvchi, ayblanuvchi surishtiruv yoki tergov organi tomonidan qo‘yilgan gumonni yoxud ayblovni, ish bo‘yicha mavjud bo‘lgan dalillarni, shuningdek yetkazilgan zararning xususiyati va miqdorini inkor etmasa hamda uni bartaraf etgan bo‘lsa.

Qonunda bu jarayonning tartiblari mukammal belgilab berilgan.

Qonunchilikdagi ushbu yangiliklar sud-huquq tizimida yangi davrni boshlab beradi. Mazkur yangilik qonun ustuvorligi va adolat tantanasi, odamlar rozi bo‘lishi uchun xizmat qiladi.

Olimjon Hayitov,

Samarqand viloyat sudi raisi.