Past Darg‘omdagi holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi: Noto‘g‘ri xandaq qazish oqibatida qulagan bino zarari qay tartibda qoplanadi?

Past Darg‘omda qoidaga zid tarzda xandaq qazish oqibatida ikki qavatli uyning bir qismi qulab tushgani keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qurilish vazirligi holat bo‘yicha bergan dastlabki izohida “Haqiqatan ham xandaq qazish jarayonida noto‘g‘ri yo‘l tutilgani bois qo‘shni uyga zarar yetgan”ini ma’lum qildi.

O‘rganishlardan so‘ng vazirlik holatni batafsil bayon qildi. Unga ko‘ra:

“Fuqaro B.Isroilovga tegishli bo‘lgan Past Darg‘om tumani, «Samarqand» mahallasi, Samarqand  ko‘chasidagi 26-uyni rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududidan qo‘shimcha bino va inshootlarni qurishga Past Darg‘om tumani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limining 2024 yil 20 yanvardagi ruxsatnomasi berilgan.

“MEZANA PROYeKT” MChJ tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjati Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi boshqarmasi loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha arxitektura va shaharsozlik Kengashi ishchi organining 2024 yil 4 martdagi xulosasi bilan kelishib berilgan. Loyiha hujjati “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish” respublika markazi Samarqand viloyati filiali tomonidan ko‘rib chiqilib, 2024 yil 26 martda ekspertiza xulosasi olingan. Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida hududiy nazorat qilish inspeksiyasidan ob’yektda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Biroq, o‘rganish jarayonida fuqaro B.Isroilov tomonidan o‘zboshimchalik bilan “MEZANA PROYeKT” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlariga amal qilmasdan, poydevor quyish uchun yer qazish ishlarini olib borganligi sababli qo‘shni xonadon poydevori ostidagi tuproqning cho‘kishi natijasida turar-joyning bir qismi qulab tushganligi aniqlangan”.

Vazirlik xulosasidan ko‘rinib turibdiki, qurilish ishlarini bajarish uchun barcha hujjatlar rasmiylashtirilgan, ruxsatlar olingan. Ammo qurilish ishlari loyiha hujjatlariga amal qilmasdan olib borilgan.

Bu orada mazkur ish yuzasidan jinoyat ish qo‘zg‘atilgani haqida xabar tarqaldi. “2024 yil 15 may kuni fuqaro H.Murodullayev Past Darg‘om tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida tumanning Samarqand mahallasi, Samarqand ko‘chasi, 28-raqamli yashash uyi bilan bir devor qo‘shnisi T.Begmatov hovlisida do‘kon qurish uchun kotlavon qazganini, quruvchilarga qazish ishlarini to‘xtatishni, aks holda uy qulab tushishini bir necha bor aytib kelganini bildirgan.

Uy egasi quruvchilar kotlavon qazish ishlarini davom ettirganini va buning oqibatda 14 may kuni soat 19:45 larda yashash xonadoni qulab tushib, unga 300 ming AQSh dollari miqdorida moddiy zarar yetkazilganini bayon etgan. U arizasida fuqaro Tohirjon Begmatovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. 

Hozirda holat yuzasidan Past Darg‘om tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari boshlangan. Ta’kidlanishicha, jinoyat ishining tergovi nazoratga olingan bo‘lib, qo‘shimcha ravishda axborot berilishi ta’minlanadi”, deyilgan prokuratura xabarida.

Xulosa qilish mumkinki, har qanday holatda ham noto‘g‘ri xandaq qazib qo‘shnisining uyi qulashiga sabab bo‘lgan shaxs harakatiga baho beriladi va u zararni qoplab berishi lozim. Bu qay tartibda bo‘ladi, qancha mablag‘ beriladi, qolgani vaqt masalasi. Muhimi, bino qulashi oqibatida hech kimga zarar yetmagan.