Yangi farmon, unda qanday vazifalar belgilangan?

Shaxsga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash bilan bog‘liq qilmishlar uchun javobgarlikni kuchaytirish belgilandi.

Shu paytgacha bunday illat ko‘zga tashlanganmidi. Ha, ammo unga jazo choralari qaysi hujjat bilan kuchaytirilyapti?

Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 10 avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon qabul qilindi.

Mazkur hujjat jinoyat protsessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada ta’minlash va jinoyat ishlarini tergov qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakolatlarini aniq belgilash ko‘zda tutilgani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Zero, farmon bilan Aybiga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini joriy qilish belgilandi. Unga ko‘ra, ayrim jinoyatlar toifalari bo‘yicha shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan taqdirda surishtiruv va dastlabki tergov organlari bilan yozma kelishuv tuziladi. Bu esa sud tomonidan Jinoyat kodeksi maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan ko‘p bo‘lmagan muddatigacha jazo tayinlanishga asos bo‘ladi.

Albatta, farmondan yana ko‘plab muhim masalalar, yechimini kutayotgan muammolarga javoblar joy olgan. Bir jihati e’tiborliki, barcha islohotlar puxta reja asosida davrlarga taqsimlangan. Ya’ni, ayrim ishlar qisqa davrda amalga oshirilsa, ba’zilari kelasi yilning ikkinchi yarmiga mo‘ljallangan.

Ayni shu sababli jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi binosida viloyat, tuman va shahar sudlari raislari va sudyalari, prokuratura xodimlari va IIB tergovchilari ishtirokida mazkur farmonning mazmun-mohiyatini chuqurroq o‘rganish, undan kelib chiqadigan vazifalar xususida seminar mashg‘uloti o‘tkazildi.

Videokonferens aloqa tizimi orqali o‘tkazilgan seminarda protsessual qonunchilikni to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi orqali yagona tergov va sud amaliyotini shakllantirish masalasida batafsil so‘z yuritildi.

O‘zaro savol-javoblar tarzida o‘tgan tadbirda davlatimiz rahbarining qayd qilingan farmoni shaxs huquqini asossiz cheklashning oldini olishga xizmat qilib, sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz va og‘ishmay rioya qilinishini ta’minlashi, jinoyatlarni fosh etish borasidagi faoliyat yangi bosqichga ko‘tarishi e’tirof etildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi.