Bir kunlik to‘y dasturxoni oilani yil davomida boqishi mumkin

Saytimizda dabdabali to‘ylar, ulardagi isrofgarchilik, milliy qadriyatlarning unutilayotgani haqidagi maqolalar chop etilgach, mushtariylar tomonidan ushbu maqolalarga munosabatlar bildirilmoqda. Ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola qilamiz.

 Dilafro‘z Ulug‘boyeva, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati:

- Agar to‘y-hashamlar, ortiqcha orzu havaslar bo‘lmasa, O‘zbekistonda shohona yashash mumkin. Boylar yanada ko‘payadi. Yurtdoshlarimiz ham to‘y-hashamlardan iqtisod qilgan pullariga chet ellarga sayohat qilishlari mumkin. To‘y-hashamlarni qisqartirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasi hamda Oliy Majlisning qarorlari qabul qilingandi. Pandemiya davrida 30 kishilik to‘ylar ham bo‘ldi. Hamma bo‘larkan-ku, degandi o‘shanda. Ammo ko‘p o‘tmay, yana 500-600 kishilik to‘ylar qilinmoqda.

Ayniqsa, Samarqandda dabdaba avjida. Bir kunlik to‘y dasturxoni shu oilani bir yil boqishi mumkin. Ba’zi to‘y dasturxonida qizil ikradan tortib “yangi tutilgan akulaning jigari”gacha qo‘yiladi. Sotib olib yeyishni xayolingizga ham keltirmagan taomni to‘yda iste’mol qilishingiz mumkin. Agar ko‘nglingiz tortsa.

Yaqinda bir to‘yda dasturxonga qisqichbaqa qo‘yishibdi. Hamma tomosha qildi, yeyilmadi. Qiziq, qanchaga olgan bo‘lsa? Esiz pul.

To‘y liboslari ham alohida mavzu. Masalan, Samarqandda bir marta kiyiladigan liboslarga ayollar ming dollargacha pul sarflashadi.

Yoshin Hakimov, nafaqadagi harbiy:

- To‘y aslida qarindoshlar to‘planib, diydorlashishga bahonai sabab. Ovqatlardan esa miskin va haqdorlar benasib qolmasligi kerak. Avval to‘ylarda ichkilik bo‘lmagan, erkak va ayollar alohida o‘tirgan. Endi esa erkag-u ayol bir bo‘lgan davrada bazmlar raqslaru valslarga ulanib ketadi.

To‘ylar hashamatli bo‘lishi shartmas, oddiy bo‘lsin. Qolgan pulni yoshlarning to‘kin hayoti uchun sarflash kerak.

Umid Xo‘jamqulov, pedagogika fanlari doktori, professor:

- Bugunga kelib, bizning jamiyatimizda odamlarga bir qavatli uy pastlik, 4-5 xonali uy torlik qilib qoldi. Vaholanki, ota-bobolarimiz yuz yil yashaymanmi-yo‘qmi, shunga shuncha dahmazami, degan xayol bilan o‘zlari uchun qulay, kichik uy-joylarda yashab o‘tgan. Bugungi to‘ylar, turli tadbir va ma’rakalardagi haddan ortiq chiqimlarni qaysi mantiq bilan izohlash va oqlash mumkin, deb o‘ylaysiz. Taniqli jurnalist Ahmadjon Meliboyevning bundan 10-15 yil oldingi Amerika taassurotlari bilan bog‘liq maqolasida “Bitta o‘zbekning ertalab soat yettida 400-500 kishiga tekin osh berishini oddiy amerikalikka tushuntirish mumkin emas”, degan fikrni o‘qigan edim. Darhaqiqat, farovonlik darajasiga butun insoniyat havas qiladigan Amerikada ham bizning to‘ylarimizdagi ortiqcha chiqimni tushuna olishmaydi. Chunki ularning turmushi va amallari hayotiy mantiq qoidalariga asoslangan. Ular to‘rt kishilik mehmon dasturxoniga bizga o‘xshab o‘n kishiga yetadigan taom tortishmaydi, qorni to‘ygan mehmonni yana ovqat yeyishga majburlashmaydi. Eng yomoni, mehmoniga bor-budini to‘kib solgan o‘sha o‘zbek oilasi farzandiga kitob sotib olishga, ularni turli sport va fan to‘garaklariga berish uchun chiqimga kelganda og‘rinadi.

Tushunarsiz mantiq: aslida hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan narsalarga mol-mulkimizni sovuramiz, ammo kelajagimiz kafolati uchun mablag‘imiz yo‘q. Bunday nomaqbul tushunchaning avj olishiga bizning atrofimizdagilar tasavvuridagi aldamchi qiyofamizni shakllantirishga, soxta hurmat va yolg‘on obro‘ qozonishga bo‘lgan intilishimiz sabab bo‘lmoqda.

Shahlo Qurbonova, Oqdaryo tumani 23-umumiy o‘rta ta’lim maktabi  o‘qituvchisi:

- Bugungi to‘ylarda har xil urf-odatlar o‘ylab topilyapti. Masalan, keyingi paytlarda to‘ylarda “Bu mening onam” qo‘shig‘iga kelin-kuyov onalariga gul sovg‘a qiladigan odat urf bo‘ldi. Xo‘sh, onasi yo‘q yoshlar oila qursa, nima qiladi, ularning ko‘ngli o‘ksimaydimi?

Muhiddin Jabborov, jurnalist:

Ishoqxon To‘ra Ibrat o‘zining tugallanmay qolgan kitobi – “Zamon tarozusi” asarining oltinchi mezonida bid’at-xurofotning jamiyatga yetkazadigan zararlari, xususan, uning iqtisodiy zararlari haqida kuyinib yozadi: “Va ham jam’iyatning nikoh to‘yida bular qiladurg‘on isroflari bir kishi o‘g‘lini taalluq qildurmoq bo‘lganda, fotiha to‘y degan bir katta to‘y bo‘ladur... Holi bulki, shul fotihaga besh yuz sarf bo‘lsa, nikoh to‘y kuni albatta ikki ming sarf bo‘lur. Bu sarflarni o‘g‘liga va qiziga biron tiyin naf’i yo‘q, o‘rtadagi kishilar yeydur, ichadur, kiyadur... Sif-sidirg‘a balosi qalmoqdan qolgan odat. Mana bu balolar ustimizda og‘ir bir yukdur. Buni ko‘tarub, maqsadga yetish bisyor qiyindur”.

Bu bilan alloma bid’at-xurofot amallarining jamiyatga yetkazadigan iqtisodiy zararlari haqida xalqqa yetarlicha tushuntirishga harakat qilgan. Ammo bu gaplar aytilganiga yuz yillar o‘tgan bo‘lsa-da, uning mohiyatini haliyam tushunmayapmiz, haliyam ortiqcha hayu havas bilan yashayapmiz.

Bu qachongacha davom etadi? Qachon isrofgarchilik, dabdaba, hashamga chek qo‘yamiz?!

Xurshida Ernazarova tayyorladi.