Samarqandda Stritbol bo‘yicha “Besh tashabbus olimpiadasi” respublika bahslari g‘oliblari taqdirlandi

Samarqand shahrida “Besh tashabbus olimpiadasi”ning xotin-qizlar o‘rtasida stritbol bo‘yicha “B” liga respublika bahslari yakunlandi.
Musobaqada respublikamizning 14 hududidan kelgan 210 nafar qatnashchi uchta (16-21, 22-26, 27-30) yosh toifasida bellashdi.
Bahslar natijasiga ko‘ra, 16-21 yosh toifasida Paxtachi tumani Urganji mahallasi yoshlari musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Keyingi o‘rinlar Buxoro viloyati Jondor tumani Ramish mahallasi va Toshkent viloyati Bo‘stoliq tumani Sariqqali mahallasi jamoalariga nasib etdi.
22-26 yosh toifasida Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani Jarqishloq mahallasi xotin-qizlari g‘olib bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Kattaqo‘rg‘on shahar Kattaqo‘rg‘on mahallasi, uchinchi o‘rinni Jizzax viloyati Baxmal tumani Gulbuloq mahallasi xotin-qizlari egalladi.
27-30 yosh toifasida ham Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani Jarqishloq mahallasi xotin-qizlariga teng keladigani topilmadi. Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Qorasuv mahallasi ikkinchi, Andijon viloyati Ulug‘nor tumani Terakzor mahallasi xotin-qizlari uchinchi o‘rinni band etdi.
Musobaqaning taqdirlash marosimida Yoshlar ishlari agentligi rahbari Alisher Sa’dullayev ishtirok etib, mazkur olimpiada mahalla yoshlari o‘rtasida ommalashib borayotgani va iqtidorli yoshlarning qobiliyatini namoyon etishida katta imkoniyat yaratayotganini ta’kidladi.
G‘oliblarga diplom, medal va esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Besh tashabbus olimpiadasi”ning respublika bosqichida samarqandlik yoshlar faol ishtirok etmoqda va hozirga qadar o‘tkazilgan musobaqalarda 16 ta oltin, 8 ta kumush, 10 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ayni paytda bellashuvlar davom etmoqda.