Yo‘l qoidasiga qat’iy amal qilasizmi?

Agar barchamiz belgilangan yo‘l harakati qoidalariga og‘ishmay amal qilsak, yuzlab, minglab odamlarning hayotini asrab qolgan bo‘lamiz.

Shuning uchun yo‘lda YPX xodimi bizdan haydovchilik guvohnomasini, ulovning texnik ko‘riqdan o‘tgani haqidagi hujjatni, dori qutichasi bor-yo‘qligini, xavfsizlik kamarini taqishni talab qilsa yoki ulovga ko‘p yuk ortilgani haqida ogohlantirsa, buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Bu o‘zimizning va yonimizdagi hamrohlarimizning manzilga sog‘-omon yetib olishimizni ta’minlaydi.
Afsuski, bugungi kunda o‘zini va boshqalar hayotini xavf-xatarga qo‘yib, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etmasdan, o‘zboshimchalik bilan avtomobil vositalarini boshqarayotgan shaxslar ham uchramoqda.

Xususan, 2025 yil 15 may kuni T.Sh. ismli fuqaro amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 12-bandi talablariga amal qilmasdan, kech soat 18:28 larda o‘ziga tegishli “Damas” rusumli avtotransport vositasini Ishtixon tumanida boshqarib ketayotganida to‘xtatilib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganida, ushbu fuqaroning mast holatdaligi aniqlanib, unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida Kodeksning 131-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik yuzasidan bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Fuqaro T.Sh. tushuntirish xatlari, mastlik holatini aniqlash bo‘yicha alkotester ma’lumotnomasi hamda ishda to‘plangan boshqa ob’yektiv dalillar yig‘indisi bilan mazkur huquqbuzarlikni sodir etganlikdagi aybdor ekanligi to‘liq o‘z tasdig‘ini topdi.
Albatta, har qanday sodir etilgan jinoyat jazosiz qolmaydi. Sud majlisida uning aybiga iqrorligi, sodir etilgan huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasi inobatga olinib, unga nisbatan qonun doirasida jazo tayinlandi.

O.Mannatov,
jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tuman sudining tergov sudyasi.