Ekoturizm nima uchun sayyohlikning eng muhim yo‘nalishi hisoblanadi?

Samarqand uzoq yillar davomida tarixiy shahar sifatida sayyohlarni jalb etgan bo‘lsa, endilikda turizmning boshqa yo‘nalishlari, xususan, ekoturizmni rivojlantirish muhim masalaga aylanyapti. Buning bir necha sabablari bor.

Birinchidan, tarixiy ob’yektlarni ko‘rish, bir necha soat, boringki, bir kunda “bitadigan” jarayon. Sayyohlarning hududda ko‘proq bo‘lishiga erishish esa byudjet uchun ham, sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi mahalliy aholi uchun ham daromad nuqtai nazaridan juda muhim.

Ikkinchidan, dunyoda zamonaviy turizmning eng muhim yo‘nalishiga aylangan ekoturizm atrof-muhitni muhofaza qilishni taqozo etadi, biorang-baranglilikni, tabiiy resurslarni saqlash va hatto kengaytirish, umuman ekologiya uchun beqiyos ahamiyatga ega.

Shu bilan birga madaniy merosni ham asrash va mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishda juda katta o‘rin tutadi. Aholiga yangi ish o‘rinlari yaratish va iqtisodiy rivojlanish imkoniyatini beradi. Sayyohlar tomonidan sarflanadigan mablag‘ o‘sha hududni boy qiladi. Ekoturistik hududlarda infratuzilma yaxshilanishi bilan bir qatorda hudud aholisi mehmonxonalar, umumiy ovqatlanish, transport xizmatlari kabi qator sohalarda band bo‘ladi.

Aynan shu jihatlar e’tiborga olinib, joriy yil boshida Prezident qarori asosida Samarqand tumanida “Ohalik — Oqbo‘yro — Mironqul” turistik-rekreatsion zonasini tashkil etishga kirishildi. Hozirda vaqtda tumandagi uchta hududda loyihani amalga oshirish uchun yirik qurilish-obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Loyiha turizm bilan bog‘liq bo‘lgani sababli uning targ‘iboti muhim masalalardan biri. Shu sababdan, Turizm qo‘mitasi tomonidan blogerlar uchun Samarqandga ikki kunlik press-tur doirasida Samarqand tumanidagi biz tilga olgan hududga ham sayohat uyushtirildi.

Press-tur chog‘ida ta’kidlanganidek, hududda amalga oshirish uchun 73 million dollarlik 130 ta birlamchi loyiha shakllantirilgan. Misol uchun, uzunligi 6 kilometr, 3 ta to‘xtash stansiyasidan iborat osma dor (kanat) yo‘li tashkil etish loyihasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, 110 ming sayyohni qabul qilish imkoniyatiga ega modulli dam olish maskanlari, mehmonxona, kemping, eko-uy va bog‘lar, cho‘milish havzalarini o‘z ichiga olgan 40 ta loyiha taklif etilyapti. Press-tur ishtirokchilari ana shu ob’yektlardan ayrimlarining qurilish ishlari bilan ham tanishdi.


Bu tog‘li hududning go‘zal tabiati, toza havosi tufayli shu paytgacha asosan bolalar oromgohlari qurilgan, aholi dam olish maskanlari tashkil etilgan. Endi barpo etiladigan ob’yektlar ichida ekologik tez quriladigan joylashtirish vositalari, savdo-ko‘ngilochar va boshqa turizm infratuzilmalar ham o‘rin olgan. 

Hududdagi 6000 xonadonda 15 mingga yaqin aholi yashaydi. Umumiy maydoni 1697 gektar bo‘lgan «Ohalik», 414 gektardan iborat «Oqbo‘yro» hamda 2545 gektarda «Mironqul» tog‘ turizmi loyihalari amalga oshirilsa yaratiladigan ish o‘rinlari nafaqat hududda ishsizlik muammosini hal etadi, balki boshqa hududlardan ham malakali mutaxassislar jalb qilish imkonini beradi. 

Hududda infratuzilma to‘liq davlat tomonidan, ya’ni respublika va mahalliy byudjet hisobidan tashkil qilib berilmoqda. Turizm va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’yektlarini esa mahalliy va xorijiy investorlar amalga oshirishi ko‘zda tutilgan. Press-tur davomida ko‘rib bildikki, qurilayotgan ob’yektlarning aksariyatiga mahalliy investorlar pul tikkan. Ayrim ob’yektlar allaqachon ishga tushgan.

2025-2026 yillarda turistik-rekreatsion zona va unga olib boruvchi yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun respublika byudjetidan 31 milliard, mahalliy byudjetdan 8,9 milliard so‘m sarflanishi rejalashtirilgan. Viloyat mahalliy byudjetidan yo‘l infratuzilmasini qayta qurish, joriy va mukammal ta’mirlashga ham 14 milliard 700 million so‘m ajratish ko‘zda tutilgan.

Elektr energiyasi tarmoqlarini qurish va ta’mirlash, ichimlik suv va oqova tarmoqlarini qurish, qayta qurish va modernizatsiya qilish respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi. Hududda axborot kommunikatsiya-texnologiyalarini rivojlantirish uchun «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasi 97,4 million so‘m sarflashi belgilangan.

Samarqand tumanidagi mazkur hududlarni ko‘zdan kechirarkansiz, ekoturizm uchun qulay muhit va resurs borligiga amin bo‘lasiz. Qurilayotgan loyihalar ham kichkina emas, ekoturizm yo‘nalishida Samarqanddagi eng qiziqarli nuqtalardan biri bo‘lishi shubhasiz. Ammo... yuqorida aytilganidek, bunday maskanlarga sayyohlar yana ham ko‘proq kelishi uchun targ‘ibot muhim rol o‘ynaydi. Turizm qo‘mitasi viloyatimizdagi maskan uchun press-tur tashkil etganidan minnatdormiz. Biroq, qo‘mita ma’lum bir mablag‘ sarflab shunday yirik tadbirlarni tashkil qilar ekan, respublikaning markaziy bosma nashrlari, nufuzli saytlari, keng auditoriyaga ega bo‘lgan TV kanallarni ham ko‘proq jalb etsa, aynan turizm yo‘nalishida tajribaga ega bo‘lgan professional jurnalistlar, ko‘p ming sonli o‘quvchilarga ega tajribali blogerlar taklif qilinsa nur ustiga a’lo nur bo‘lardi. Albatta, talabalar va havaskor blogerlar uchun ham ushbu maskan eshiklari ochiqligini inkor etmagan holda bu taklifni birdirmoqchimiz.

Yana bir taklifimiz shuki, fikrimizcha turistik-rekreatsion zonada ham professional mutaxassislardan iborat media guruhi ishlashi lozim. Nafaqat o‘zbek, balki bir necha chet tillarda (axir biz xorijiy sayyohlar ko‘proq kelishidan umidvormiz) hududning takrorlanmas tabiati, madaniy boyliklari, dam olish uchun yaratilgan sharoitlar haqda sifatli kontent yaratish juda muhim. Toki, Samarqandda shunday joylar borligini sayyohlar bilishi lozim. Bu borada ochig‘i, optimistmiz, o‘ylaymizki, mazkur yo‘nalishdagi ishlar allaqachon rejaga kiritilgan. Darvoqe, Prezident qaroriga asosan “Turistik zonaning to‘liq geografik joylashuvini uning turizm ob’yektlari haqidagi ma’lumotlari bilan birga “Google Maps”ga joylashtirish” ham ko‘zda tutilgan, bu — eng muhim, shart bo‘lgan vazifalardan biri, albatta.

Keyingi taklif: Ekoturistik yo‘nalishlar butun dunyoda bor. Bunday joylarning aksariyatida allaqachon an’anaviy energiya ta’minotidan voz kechilib, shamol va quyosh elektr stansiyalari barpo etilmoqda. Biz tilga olgan turistik zona esa ham shamol energetikasi ham gelioenergetika bo‘yicha yetarli potensialga ega. Demak, bu masalani ham o‘ylab ko‘rish kerak.

Anvar Mustafoqulov.