Kitobga oshno – ma’naviyatga oshno demakdir!

Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari tahririyati hamkorligida “Zarafshon” gazetasi kutubxonasidan” turkumi ostida chop etilgan “Mulohaza uchun”, “Gazetada aks etgan tarix” hamda “Mungli ko‘zlar” kitoblari taqdimoti o‘tkazildi.

Mazkur tadbir mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “INFOLIB O‘ZBEKISTON-2024” XIII Milliy axborot-kutubxona haftaligi hamda “Yosh kutubxonachilar” to‘rtinchi respublika forumi doirasida tashkil etildi.

Tadbirda so‘z olganlar dastlab faxriy jurnalist,  “Do‘stlik” ordeni sohibi Tog‘aymurod Shomurodovning hikoyalar, mulohazalar, tarjimalari jamlangan “Mungli ko‘zlar”kitobi yuzasidan fikr bildirdi. Kitobda uni o‘qigan har qanday kishini mulohazaga chorlovchi ko‘plab fikrlar bayon etilgani, ibrat sifatida ko‘rsatib o‘tilgan voqealar hayotiy ekanligi ta’kidlandi.

Ushbu asarda muallif inson hayotining nechog‘lik qadrli ekanligi, odamlar o‘rtasida mehr-oqibat, sabr-qanoat biroz kamaygani xususida so‘z borishi ta’kidlab o‘tildi. Bu kichik hayotiy hikoyalar kelgusida telenovella tarzida xalqqa namoyish etilsa, foydali ekani taklif etildi.

-  Uyimizdagi mo‘’jazgina kutubxonamizdagi kitoblardan olib doim dadam bizga qiziqarli voqealarni aytib bergani va kitob o‘qishga undagani bizni kitobga oshno qilgan, - deydi muallifning qizi Guliston Shomurodova. – Hayotiy hikoyalarni shunday ustalik bilan yozadiki, biz o‘zimiz ham hayratlanamiz. Dadamning yumorga boyligi barchamizni o‘sha davraga birlashtirib turadi. O‘sha kulgili voqelarni ham doim gazetaga va kitob holga keltirishga harakat qiladi.

Tadbir gazeta tahririyati jamoasi tashabbusi bilan chop etilgan “Mulohaza uchun” va “Gazetada aks etgan tarix” kitoblari taqdimoti bilan davom etdi.

“Zarafshon” gazetasi mas’ul kotibi Abdug‘ofur Sherxolov, faxriy ijodkor Tolib Jo‘rayev tomonidan kitoblarning yaratilishi va unda keltirilgan tanqidiy mavzulardagi materiallar gazeta sahifasida ham e’lon qilingani, tahririyat arxivida saqlanayotgan gazeta sahifasida berilgan ma’lumotlar jamlangani ta’kidlandi. Ayniqsa, “Mulohaza uchun” risolasi muxbirlikka havas qilgan hamda bo‘lajak jurnalistlar uchun ayni zarar qo‘llanma ekanligi alohida tilga olindi. Unda keltirilgan mavzularda turmushning ruhiyatimiz bilan bog‘liq nozik masalalari aks etgan mulohazalar jamlangani ta’kidlab o‘tildi. “Gazetada aks etgan tarix” risolasi ham o‘quvchilarni befarq qoldirmasligi aytildi. Risolada gazeta – tarix va jamiyat ko‘zgusi ekanligi, shu bilan birga, voqelikni aniq dalillar asosida, tahliliy yondashuvlar bilan yorqin bo‘yoqlarda aks ettiradigan ishonchli manba ekani aytildi.      

Shuningdek, tadbir davomida kitobxonlik haftaligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Mannob Ibodullayev ma’lumot berdi.

Uchrashuv yakunida mualliflar tomonidan chop etilgan kitoblar tadbir ishtirokchilariga tarqatildi hamda kutubxonaga sovg‘a qilindi.

Husan ELTOYeV.