Ko‘hna afina bilan hamkorlik qilamiz

Uchrashuvda Prezidentimizning joriy yil 12 yanvardagi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalari faoliyatiga bag‘ishlangan yig‘ilishdagi topshiriqlari ijrosi muhokama qilindi. 
– Davlatimiz rahbari tomonidan biz, elchilarga mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, eksportni ko‘tarish, importni yo‘lga qo‘yish, investitsiyalar jalb qilish borasida yangicha vazifalar qo‘yildi va ushbu yo‘nalishda katta ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O.Qosimov. – Bu vazifalar ijrosiga yurtimizning xorijdagi elchixonalari ham faol kirishgan. Biz ham Samarqand viloyatiga kelib, bir nechta joylarda tadbirlar o‘tkazdik, fikr almashdik. Uchrashuvlarda ko‘rdikki, ko‘plab ishbilarmonlarimizda Gretsiya, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda ish olib borishga qiziqish katta. Shuning uchun mart oyida Afinada bo‘ladigan "Fud ekspo" ko‘rgazmasiga yurtimizning tadbirkorlarini ham jalb etib, O‘zbekiston uchun alohida stend ajratmoqchimiz. Bu yarmarkaga dunyoning deyarli barcha davlatlaridan vakillar va nufuzli kompaniyalar qatnashadi. Hozirda shu yo‘nalishda ishlovchi Yevropa kompaniyalarining yurtimiz ishbilarmonlari bilan hamkorligi borasida kelishuvlar olib boryapmiz. 
Tadbirda ishtirokchi va ishlab chiqaruvchilar o‘z mahsulotini Yevropa davlatlariga eksport qilish talablari, yangi uskuna keltirish imkoniyatlari, xalqaro ko‘rgazmalarda mahsulotini taqdim qilish shartlari, tibbiy turizmni rivojlantirish istiqbollari, sayyohlik va ta’lim olish, kadrlar almashinuvi borasidagi savollariga javob oldilar. 
– Biz paxtani qayta ishlash yo‘nalishida ish olib boramiz,  – deydi "Hamza Haqdor invest" oilaviy korxonasi direktori Mizrob Eraliyev. – Hozirda ip-gazlama, kiyim va mebel qog‘ozi ishlab chiqarib, ichki bozorga sotyapmiz. Endilikda tekstil va to‘qimachilik yo‘nalishida qo‘shma korxona tashkil etib, investitsiya jalb etmoqchimiz. Bugungi tadbirda o‘z biznes rejalarimni aytdim, nasib bo‘lsa, hamkorlik o‘rnatamiz.