Qaysi davlatlarning tilida eng ko‘p so‘z bor?
Agar dunyodagi barcha tillar eng ko‘p so‘zli til nomi uchun raqobatlashadigan bo‘lsa, ingliz tili birinchi o‘rinni egallagan bo‘lar edi. Go‘zalligi uchun emas, balki yangi so‘zlarga boy bo‘lgani uchun.
Global Language Monitor ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda ingliz tilida bir milliondan ortiq so‘z bor. Bu raqam o‘sishda davom etmoqda, deb xabar beradi Belnovosti muxbiri.
Sababi, tilning moslashuvchanligi va ochiqligidadir. U osongina boshqa tildan olingan so‘z va iboralarni o‘zlashtiradi, moslashadi, neologizmlar yaratadi va kundalik hayotda ishlatiladigan "sleng"lardan qo‘rqmaydi. Tarixan ingliz tili kengayish uchun poydevor bo‘lgan lotin, fransuz, german va yunon ildizlarini o‘zlashtirib kelgan.
Masalan, birgina Oksford inglizcha lug‘atining 600 mingga yaqin so‘zi bor. Bunga texnik atamalar, shevalar yoki eskirgan shakllar kirmaydi.
Taqqoslash uchun, rus tilida 150-200 mingta so‘z, jumladan, eskirgan grammatik formalar - arxaizmlar mavjud. Bu arxaizmlarning 30 mingga yaqini kundalik hayotda faol qo‘llanib kelinadi.
Iyerogliflar soni bo‘yicha rekordchi Xitoy tili lug‘atga uncha boy emas. Uning tuzilishi so‘z boyligining ko‘payishiga imkon bermaydi.
Yunon tili fan va falsafa nuqtai nazaridan eng boy tillardan biri. Biroq, kundalik nutqda u hajm jihatidan ingliz tilidan pastroq turadi.
O‘zining murakkab qo‘shma so‘zlari bilan mashhur nemis tilidagi so‘zlar soni 300-400 mingdan oshmaydi. Bu so‘zlar ko‘pincha takrorlanadigan tuzilishga ega.
Ingliz tili har kuni, ayniqsa, texnologiya, madaniyat va siyosat sohalarida yangi so‘zlarni yaratadi. Bu esa uni tirik va doimiy o‘zgaruvchan tilga aylantiradi.
Tilshunoslarning ta’kidlashicha, ingliz tili hech narsani o‘z ichiga olishdan "qo‘rqmaydi". Hatto, xatolar, ko‘cha gapi va mem (harakat, rasm, ibora, video yoki boshqa madaniy element)lar ham tilning bir qismiga aylanib, unga global kommunikatsiyadagi ustunlikni ta’minlamoqda. Til ilmiy maqoladan tortib, "Tik-Tok"kacha bo‘lgan har qanday kontekstga moslasha oladi.
Tillardagi so‘zlarning ko‘pligi har doim ham yaxshi emas. Bu o‘rganishni qiyinlashtiradi va so‘z boyligining doimiy yangilanib borishini talab qiladi. Shunga qaramay, ingliz tili qayd qilingan birliklar soni bo‘yicha dunyodagi so‘zlari eng ko‘p til bo‘lib qolmoqda. Bu rekord hali yangilanganicha yo‘q.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.