Qumda yotib qanday dardlardan forig‘ bo‘lish mumkin?

Psammoterapiya davolanish usuli haqida eshitmagan bo‘lishingiz mumkin. Ammo bu bizga butunlay yot bo‘lgan tushuncha emas. Psammoterapiya bu qum bilan davolash usuli. Tabiiy unsur sanalgan qum o‘zida juda ko‘p noyob shifobaxsh xususiyatlarni aks ettiradi.
Ushbu maqolada biz quyidagi savollarga javob berishga harakat qilamiz: "Qaysi hollarda psammoterapiyaga murojaat qilgan ma’qul?", "Qum bilan davolash qanday hollarda tavsiya etilmaydi?", "Psammoterapiya bolalar uchun qanchalik foydali?". Keling, psammoterapiya sirini ochib beraylik.
Psammoterapiya
Qadimgi Misrda qum davolash vositasi sifatida qo‘llanilgan. "Psamos" so‘zi ham yunonchada "qum" ma’nosini bildiradi. Psammoterapiyaning asosiy xususiyati qumning gigroskopikligi, ya’ni issiqlikni uzoq vaqt ushlab turishi va uni asta-sekin inson tanasiga chiqarish qobiliyatida. Agar ushbu qum minerallar bilan boyitilgan bo‘lsa, yanada foydali.
Qum bilan ishlov berishga quyidagi hollarda murojaat qilish tavsiya etiladi:
Tayanch harakat tizimi muammolarida (ayniqsa jarohatlardan so‘ng);
Ayollar reproduktiv kasalliklarini davolashda;
Bo‘g‘im kasalliklarida;
Asab tizimini davolashda;
Nafas olish tizimining kasalliklarida;
Psammoterapiya muddati, davomiyligi va tartibini belgilashda albatta shifokor nazorati zarur.
Davolash shifokor ko‘rsatmasi asosida bajarilganda organizmda qon aylanishi faollashadi va metabolik jarayonlar yaxshilanadi. Terlashning kuchayishi, yallig‘lanishga qarshi va tinchlantiruvchi ta’siri salomatlik uchun foydali.
O‘zingiz ham o‘ylaganingizday, har qanday tibbiy muolajada ham tavsiya etilmaydigan cheklovlari bo‘ladi.
Quyidagi hollarda psammoterapiyaga yo‘l qo‘yilmaydi:
- sil kasalligi, haddan tashqari nimjonlik-sillasi quriganda, yuqumli kasalliklarda, xavfli o‘smalarda, gipertoniya, ateroskleroz, epilepsiya kabi kasalliklarda qizdirilgan qum muolajalari qat’iyan mumkin emas.
Erkin davolanish
Agar siz qumli qirg‘oqda tabiiy psammoterapiya olishga qaror qilsangiz, unda shifokorning qat’iy nazorati talab etilmasa ham bir qator qoidalarga amal qilishingiz zarur.
Muolajani quyosh nurlari faolligi pasayganda, ya’ni kunning ikkinchi yarmida amalga oshiring. Bundan tashqari, bir necha kun ketma-ket qum vannasi qabul qilinganda, uchinchi kun tanaffus qilish tavsiya etiladi. Psammoterapiya kursi odatda 14-15 muolajadan iborat.
Qum quruq va o‘rtacha issiq bo‘lishi uchun qum 60 daraja issiqqacha qizdirilishi kerak. Bosh qismingizni yuzingizni soyabon ostida tutib, qumdan tayyorlangan o‘rningizga chalqancha yotishingiz mumkin. Biror kishidan qorin qismini 1-2 sm. qalinlikda, tananing boshqa qismlarini esa 5-7 sm. qalinlikdagi qum qatlami bilan yopishni so‘raysiz. Yurak va bosh sohasi albatta ochiq qoldirilishi kerak. Peshonangizga nam sochiq yopib olishni unutmang va qulaylik uchun bosh ostingizni qum sathidan balandlating, yostiq qo‘ying. Bosh qumda bo‘lmasligi kerak. Jarayon bolalar uchun 15, kattalar uchun 30 daqiqadan oshmasligi maqsadga muvofiq.
Muolajadan so‘ng darhol suvga tushish, muzdek suv ichish mumkin emas. Iliq suvda yengil yuvinish va organizmni sekinlik bilan sovutish uchun soyada yarim soat dam olish tavsiya etiladi.
Bolalar salomatligida qumli muolajaning o‘rni
Hamma bolalar qumloqda, qumli maydonchada vaqt o‘tkazishni yaxshi ko‘radi. Bunday o‘yinlarning bolalarning psixo-emotsional rivojlanishiga ijobiy ta’siri bor. Bolalikda qumda o‘ynash odatiy hodisadek tuyulishi mumkin, ammo bu ruhiy zo‘riqish va tushkunlikdan xalos bo‘lishga, bolaning tasavvuri va mustaqilligini rivojlantirishga yordam beradi.
Qum o‘ynash orqali bola o‘zini namoyon etish bilan birga o‘z-o‘zini rivojlantirish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.
D.Xoliqova tayyorladi.