Shavkat Mirziyoyev: Xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat

Bugun, 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Tadbir avvalida davlatimiz rahbari ushbu masala bo‘yicha xalqimizga yana bir bor murojaat qildi.
Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Bizda aniqlangan kasallar soni kam-ku, 100 taga ham yetmaydi, xavotirga o‘rin yo‘q, deb xotirjam bo‘lish xiyonat hisoblanadi.
Chunki koronavirus menga yuqmaydi, deb befarq yurganlar nafaqat o‘zining, balki ota-onasi, farzandlari, atrofidagilar, qolaversa, butun xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini katta xavfga qo‘yishini chuqur anglab yetishi kerak.
Davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar odamlarimizning kasallikni yuqtirib olish ehtimolini imkon qadar chegaralash, virusli infeksiyaning tarqalishini jilovlashga qaratilgan.
Tibbiyot qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, davlat bunga qancha-qancha mablag‘ ajratmasin, odamlarimiz shifokorlar tavsiyasiga amal qilmasa, tartib-intizomli bo‘lib, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha ko‘rilayotgan choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashish uchun safarbar qilingan yuz minglab fidoyi insonlarning mehnati behuda ketishi mumkin.
Ayrim hudud rahbarlari hozirga qadar fuqarolarga murojaat bilan chiqish va yuzaga kelgan vaziyatni aholi o‘rtasida tushuntirish choralarini ko‘rmayapti.
Mahalliy telekanallar, gazeta va jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda ishlar lozim darajada tashkil etilmayapti.
Viloyat, shahar va tuman, 4 ta sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgar ekanligi haqida qat’iy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, karantin rejimini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholiga tushuntirish bo‘yicha tunu kun ishlashingiz shart, - dedi davlatimiz rahbari.