Xotin-qizlar qo‘mitasi onasi betob bo‘lgan qizlarga yordam ko‘rsatdi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari “Ozodlik” orqali namoyish etilgan “Hech narsaga qiziqish yo‘q, onam yashasalar bo‘ldi...” mavzusidagi tanqidiy maqola yuzasidan Sitora va Nozima yashaydigan xonadonga borib, muammoni atroflicha o‘rgandi.

Unga ko‘ra, haqiqatan ham bu qizlarning onasi saraton kasaliga chalingan. Hozirda Tibbiyot akademiyasida navbatdagi davo muolajasini olmoqda. Qo‘mita davolanish uchun dori-darmonlarini o‘z vaqtida yetkazilib berilishini nazoratga oldi.

Toshkentlik Sitora va Nozima bugunning o‘zidayoq yozgi-qishki kiyim-kechak bilan ta’minlandi. Ta’tildan so‘ng maktabga o‘z vaqtida to‘liq ta’lim olish uchun sharoitlar yaratildi.

Xonadonning tabiiy gazdan qarzdorligi saxovatpesha insonlar tomonidan to‘lab berildi. Hozirgi kunda qizlar buvisi qaramog‘ida.