Samarqandda yana bir “Go‘ri Amir” bor, bilasizmi?
Uning nomi Oqsaroy. Shundoqqina Amir Temur maqbarasi ortida. Tarixiy bino, lekin hali ko‘pchilik bilmaydi. O‘zim ham ilk bora yaqinda, Namangandan kelgan mehmonlarimni olib borganda kirdim.
Maqbara uncha-buncha kichik odam yo odamlar uchun qurilmagan. Kamida Amir Temurning o‘g‘illaridan biri yo uning qatorida turadigan ulug‘ odam, balki biror ulug‘ sarkarda uchun qurilgan bo‘lishi kerak. Chunki, uning tuzilishi Amir Temur maqbarasiga o‘xshash, ya’ni, birinchi qavatda ziyoratxona, asosiy qabrlar esa pastda, yerto‘lada. U yerga ham xuddi Amir Temur maqarasidagidek, aylanma zinalardan tushiladi. Bu yerda ham keyinchalik pastga tushish uchun zinali yo‘lak qilingan. Pastdagi harorat doimo mo‘’tadil va harorat 45 darajadan yuqori bo‘lgan kunlarda ham pastga tushgan kishining salqin havodan eti jo‘njikadi.
─ Bu maqbara yillar davomida vayrona bo‘lib yotdi, - deydi arxeolog olim Amriddin Berdimurodov. – Keyingi yillarda ta’mirlanib, tarixiy ko‘rinishi saqlab qolindi. Afsuski, maqbara, uning me’mori, eng muhimi, bu yerda kimlar dafn etilgani haqida hozircha ma’lumotga ega emasmiz. Ammo bu maqbara oddiy odamlar uchun qurilmagani aniq, chunki butun salobatidan ulug‘lik yog‘ilib turgan bunday maqbaraga juda mashhur zotlar qo‘yilishi aniq.
Arxeologik qazishmalar chog‘ida bu yerdagi qabrlardan biridan boshsiz jasad topilishi maqbara Mirzo Ulug‘bekning o‘g‘li Abdullatifga tegishli, degan taxminga borishga ham sabab bo‘ldi, ammo maqbaraning qurilgan yillari va tarixiy voqealar o‘rtasidagi nomutanosiblik bu taxminni yo‘qqa chiqaradi. Maqbaraning yerto‘la qismida bir necha qabrlar bo‘lib, ulardagi jasadlar yaxshi saqlanmagani bois ikkita ramziy qabrni tiklab qo‘ydik. Maqbara devorlari va gumbaziga ishlatilgan naqshlarni ham tiklashning imkoni bo‘lmadi, bu naqshlar o‘ta noyob va nafis usulda ishlangan. Ziyoratchi va sayyohlar buni his qilishlari uchun maqbara devorining bir qismida asl naqshlardan namuna qoldirdik va maqbarani o‘zimizning ustalar Samarqand me’morchilik an’analari asosida butunlay yangidan bezashdi.
Tarixchi olimning aytishicha, Oqsaroy maqbarasi va bu yerga dafn qilingan zotlar tarixini o‘rganish yuzasidan faol ilmiy izlanishlar olib borilayapti ekan.
Biz ana shu ma’lumotlar tezroq topilishi va ma’lum qilinishini istaymiz. Zero, Samarqandga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar, ayniqsa, ziyorat turizmi bilan shahrimizga kelayotgan ziyoratchilar uchun yana bir ziyorat maskani qo‘shilsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.
Karimberdi To‘ramurod.