1 avgustdan qonunchilikda nimalar o‘zgaradi?

Ertadan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ayrim o‘zgarishlar ro‘y beradi.

Prezident farmoniga ko‘ra, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning "Mobil-ID" tizimi joriy etiladi.

Unga muvofiq:

- "Mobil-ID" tizimi «Elektron hukumat» tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;

- shaxsni "Mobil-ID" tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi yoki notarial idora tomonidan yoxud YaIDXP mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.

***

Prezident qarori bilan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi.

Bunda:

- hududda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosiy mezonlar bo‘ladi;

- har olti oyda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari rag‘batlantiriladi hamda eng yaxshi natija ko‘rsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

***

Prezident farmoni bilan 2022 yil 1 avgustdan boshlab filmlarga nisbatan mualliflik huquqini himoya qilish va sotilgan har bir chiptaga doir haqqoniy ma’lumot bilan tezkor ta’minlovchi respublikada faoliyat yuritayotgan kinoteatrlar faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan axborot tizimiga ulanmagan holda kinoteatr (kinozal)larda filmlar namoyish etish chakana savdo qilish qoidalarini buzish sifatida baholanadi.

***

Hukumat qaroriga binoan maishiy gaz plitasi, oshxona dudbo‘roni, duxovka va pechka, mikroto‘lqinli pech, dazmol, suv isitkich kabi mahsulotlarni majburiy raqamli markirovkalash boshlanadi.

***

Hukumat qaroriga asosan 2022 yil 1 avgustdan boshlab o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar faqat YaIDXP orqali taqdim etiladi.

***

Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari tomonidan yuridik xizmat ko‘rsatiladigan davlat organlarining tuman (shahar) bo‘linmalari va davlat tashkilotlarining ro‘yxati kengayadi.

Endilikda:

- mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi;

- qishloq xo‘jaligi bo‘limi;

- turizm va madaniy meros bo‘limi;

- sportni rivojlantirish bo‘limi;

- oila va xotin-qizlar bo‘limi;

- davlat soliq inspeksiyasi;

- aholi bandligiga ko‘maklashish markazi;

- davlat umumiy o‘rta ta’lim maktablari;

- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari;

- davlat ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalarga ham yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari xizmat ko‘rsatadi.

***

Prezident qaroriga asosan surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda ishni sudga qadar yuritish masalalari bo‘yicha «Elektron surishtiruv va dastlabki tergov» yagona axborot tizimi to‘liq versiyada ishga tushadi.

***

Prezident qaroriga asosan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi dorivor o‘simliklar madaniy plantatsiyalarini barpo etish uchun mos bo‘lgan, o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplanmagan yer uchastkalarini elektron onlayn-auksionga 2022 yil 1 avgustdan boshlab oyma-oy grafik asosida qo‘yib boradi.

***

Prezident farmoniga ko‘ra, davlat byudjeti, shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari bo‘yicha ularning asosiy texnik ko‘rsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatiga kiritiladi.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etiladi.

***

Prezident qaroriga binoan 2022 yil 1 avgustdan boshlab «UzGasTrade» AJ:

- tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish;

- «Hududgazta’minot» AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan iste’molchilarga tabiiy gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida ko‘zda tutilgan holatlardan tashqari yagona eksport qiluvchi funksiyalarini bajaradi.

Bunda, mahsulot taqsimotiga oid bitimlarni hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar, qo‘shma korxonalar va «UzGasTrade» AJ o‘rtasidagi tabiiy gazni xarid qilish to‘g‘risidagi shartnomalarni rasmiylashtirish ishlari 2022 yil 1 avgustga qadar «O‘ztransgaz» AJ tomonidan bajariladi.

***

Hukumat qarori bilan nogironligi bo‘lgan yoshlarga subsidiya ajratishning ma’muriy reglamentlari tasdiqlangan. Qarorga asosan subsidiya olish uchun arizalar joriy yil uchun — 2022 yil 1 avgustdan, 2023 yildan boshlab har yili — 10 yanvardan qabul qilinadi.