1 fevraldan boshlab mikro, kichik va o‘rta tadbirkorlik sub’yektlari Savdo-sanoat palatasi a’zoligiga a’zolik va kirish badallaridan ozod qilingan holda, tekin qabul qilinadi
Bu davlat rahbarining 23 yanvar kuni qabul qilingan “Savdo-sanoat palatasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.
Qarorga ko‘ra, tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ tomonidan davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar a’zo sifatida ro‘yxatga qo‘yish uchun Palataga elektron tizim orqali yuboriladi.
Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondlari hisobidan Palataning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, mos ravishda Palata va uning hududiy bo‘linmalariga davlat subsidiyasini ajratish tizimi joriy etiladi.
Palata va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan davlat subsidiyasining sarflanishi bo‘yicha har yili tegishincha Jamoat fondi hamda hududiy jamoat fondlariga hisobot berib boriladi.
Palata tadbirkorlik sub’yektlarining manfaatlarida O‘zbekiston Respublikasi sudlariga taqdim etadigan ariza, da’volar hamda apellyasiya va kassatsiya shikoyatlari bo‘yicha davlat boji to‘lovlaridan ozod etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro grant loyihalarini amalga oshirishda Palataga milliy hamkor biriktirish talabi qo‘llanilmaydi.
Davlat organlari va idoralar tomonidan tadbirkorlikka oid barcha tashqi beg‘araz ko‘mak loyihalarini amalga oshirishda Palata loyiha hamkori sifatida jalb qilinadi.