Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari faoliyatida hali ham eskicha qarashlar mavjud
Viloyat hokimligi axborot xizmatining xabar berishicha, bugun viloyat hokimi Erkinjon Turdimov savdo-sanoat palatasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasining tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlash, qolaversa, o‘z vazifalarini bajarishda yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tdi.
Ta’kidlandiki, keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga qaramasdan, Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari faoliyatida hali ham eskicha qarashlar mavjud.
Aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng va faol jalb etishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni bartaraf etish, birinchi navbatda, davlat organlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilishi uchun amaliy va shaffof tizimni yaratish borasidagi ishlarni jadallashtirish zarur.
Hokim boshqarmaning har bir tarkibiy bo‘linma rahbarlarining amalga oshirayotgan ishlari haqidagi hisobotini eshitda va zaruriy ko‘rsatmalar berdi.
Uchrashuvda Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Sh.Yuldashev boshqarmaning qariyb 70 foiz xodimi asosiy ishi qolib, a’zolik badallarini yig‘ish bilan band ekanligiga to‘xtaldi.
E.Turdimov uchrashuv yakunida boshqarma mutasaddilariga ishbilarmonlarning ishonchini qozongan holda faoliyat yuritish, rivojlangan davlatlardagi palatalar faoliyatini o‘rganib borish, tadbirkorlar murojaatlari bilan ishlashga jiddiy ahamiyat qaratish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berdi.