Tadbirkorlar murojaatining aksariyati hokimlik qarorlari, yer ajratish va qurilish bilan bog‘liq
Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida viloyat hokimi E.Turdimov tadbirkorlarni qabul qildi.
Bu galgi uchrashuvda qatnashish uchun 23 nafar tadbirkor qurilishga ruxsat berish, kredit olish, yer ajratish, muzlatkichli omborxona qurish, noqonuniy qurilish, nizoli yer masalasini ijobiy hal etishda amaliy yordam berish va boshqa masalalarda murojaat qilgan bo‘lsa, uchrashuvgacha tegishli mutasaddilar tomonidan 19 ta muammoga yechim topildi. Bugungi qabulda esa muammosiga yechim topilmagan 4 nafar tadbirkor qatnashdi.
Bugungi qabulga qilingan murojaatlar tahlil qilinganda ularning aksariyati hokimlik qarorlari, yer ajratishdagi muammolar va qurilish ishlari bilan bog‘liq. Viloyat hokimi har bir murojaatni eshitib, ko‘p hollarda tuman hokimliklarining e’tiborsizligi joyida hal etish imkoni bo‘lgan muammoni quyidan yuqorigacha ko‘tarilishiga olib kelayotganini ta’kidladi. Natijada byudjet yukini yengillatishga harakat qilayotgan tadbirkor sarson bo‘lmoqda. Shuning uchun joylardagi mas’ullar vazifasiga chuqurroq yondashib, murojaatlar mazmuniga jiddiyroq e’tibor qaratishi lozimligini bildirdi.