«100» dollarlik kelin…»
Hamkasbim kulibgina hikoya qildi:
- Yaxshigina qiz edi, qizligida xaridorlari juda ko‘p edi! Kimlar kelin qilishni orzu qilmasdi-ya! Men ham kelin qilmoqchi bo‘lgandim, bizni pisand qilishmadi... Shahardan sal uzoqroqqa uzatib yuborishdi – “kattakonlar” ekan! Nima jin urdi-yu, ota-onasi davlat idorasidagi ishlarini tashlab, Amerikaga ishlagani ketdi! Nima yetishmasdi ularga, hayronman! Uy joyi bor, mashinasi bor, o‘qimishli, ziyoli oila edi! O‘g‘illarini uylantirishganda butun shahar ahlining og‘zi bir hafta “yopilmay” qolgandi, hashamatu dabdabadan. Qizi uch bolali bo‘ldi, ko‘rsangiz tanimaysiz, bechoraning avvalgi chiroyidan asar ham qolmagan. Kamiga har oyda ota-onasinikidan 100 dollar olib bormasa, qaynonasi va eri uyiga qo‘ymas ekan! Har baloni bahona qilib, janjal yasab, hayotini do‘zaxga aylantirarkan. Mahallamizda uni “100 dollarlik kelin” deb atashadi...
O‘sha qizni men ham tanirdim – unga havas qilmagan odamning o‘zi yo‘q edi. Juda qobiliyatli, bilimdon va go‘zal edi...
Qizlarim go‘zal bo‘lishlarini men ham orzulagandim!..
Afsus, husn bersa-yu baxt bermasa qiyin ekan.
Endi esa farzandlarimning baxtli, tolei go‘zal bo‘lishini istayman...
Gulchehra Berdiyorova.