100 yoshli Maryam ona haqida film olinsa

Yuz yoshga kirish sirlari nimada, degan savol va uning javobi bugungi o‘quvchi uchun juda jo‘n va go‘yoki jurnalistning o‘z tushunchalaridan kelib chiqqan javobga o‘xshab tuyuladi. Ammo yaqinda shu qutlug‘ yoshni qarshi olgan Maryam Do‘stmetovaning so‘zlarini tinglar ekansiz, nafaqat bu yosh sirlari, balki yashashning mohiyati nimada ekanligini ham anglaysiz. Eng qizig‘i, onaxon bu haqda o‘zi aniq-tiniq gapirib beradi. Yillar, sanalar, familiyalar - onaxon hayoti davomidagi bu kabi ma’lumotlarni adashmay aytadi.
- 1941 yil biz, bir guruh talabalar Samarqanddagi meditsina institutining ilk qaldirg‘ochlari baxtdan masrur edik, ammo quvonchimiz ko‘p cho‘zilmadi, urush boshlanib, kursdoshlarimning barchasi qirg‘inbarotga, o‘sha paytlar aytilganiday, yurt himoyasiga otlanishdi, - deya eslaydi Maryam ona. - Meni esa Samarqand tumaniga shifokor sifatida jo‘natishdi. O‘sha paytdagi tartib-qoidalar bo‘yicha men ushbu tumanda besh yil ishlashim kerak edi, ammo 50 yil qolib ketdim. Tish, ko‘z va yana bir-ikki kasalliklardan tashqari barchasini davoladim. Turli vazifalarda ishladim, oddiy shifokorlikdan tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokorligigacha bo‘lgan lavozimlarda mehnat qildim. Halol ishladim, vijdonimga, kasbimga xiyonat qilmadim. Odamlarga yordam berayotganimdan kuch olardim, hayotimning mazmuni shu bilan boyirdi. Minglab odamlarga foydam tegayotganidan taskin topardim, shu bilan hayot qiyinchiliklarini yengardim, shifo topgan odamlar menga kuch berardi.
- Xo‘ja Ahror Vali majmuasi yaqinidagi hukumat tomonidan berilgan kichik uyda katta bo‘lganmiz, - deydi Maryam onaning o‘g‘li Marat Deushev. - Esimda, xoh sahar, xoh yarim kechasi bo‘lsin, turli kasalliklar bilan odamlar deraza, eshiklarimizni taqillatib kelaverardi. Onam hech qachon ularga charchadim, dam olishim kerak, demasdilar. Birinchi yordam albatta ko‘rsatilardi. Onamning sumkasi hamon yodimda, uning ichida birinchi yordam ko‘rsatish uchun barcha asboblar bor edi. O‘sha paytlar tuberkulyoz xastaligi ayni urchigan davr edi. Onam ushbu kasallikning o‘choqlarini bartaraf etishda xizmatini ayamagan. Ehtimol, shuning uchun uzoq yil yashash nasib etgandir, onamga. Axir qanchadan-qancha odamlarning hayotini saqlab qolgan. Shu yoshlariga qadar davlatimizning 20 ga yaqin mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Samarqand shahridagi Mir Said Baraka mahallasida istiqomat qiluvchi Maryam Do‘stmetovani ushbu qutlug‘ yoshi bilan mahalla faollari, shahar hokimligi, "Nuroniy" jamg‘armasi faollari qutlab, onaxonga salomatlik tiladi.
Onaxon bilan suhbatlasharkanmiz, qaniydi shunday insonlar haqida film olinsa, degan o‘y o‘tdi xayolimizdan.
Gulruh KOMILOVA.