11 million so‘mlikdan ziyod paqildoqlar xaridorlarga yetib bormadi

“Ishtixon dehqon bozori” yonida joylashgan avtoturargohda o‘tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro U.A.ning pirotexnika savdosi bilan shug‘ullanayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada unga tegishli bo‘lgan qiymati 2 079 000 so‘mlik 12 600 dona “Treniya” pirotexnika vositasi daliliy ashyo sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yildi.

Shuningdek, viloyat bojxonachilari o‘sha kuni viloyat DXX boshqarmasi hamda Milliy gvardiya xodimlari bilan hamkorlikda Urgut tumanining Mergancha mahallasida tezkor tadbir o‘tkazdi. Fuqaro S.V.ga tegishli bo‘lgan “Titanik” yozuvli umumiy qiymati 9 211 000 so‘mlik 53 402 dona  pirotexnika vositasi tadbir ishtirokchilari tomonidan to‘xtatib qolingan.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Inson hayoti va salomatligiga raxna soluvchi, yong‘in va boshqa ko‘ngilsiz holatga sabab bo‘luvchi pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanmang. Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, mamlakatimizga olib kirish (olib chiqish) yoki o‘tkazish taqiqlangan. Mazkur noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortiladi.

Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati.