11 noyabrda kutilgan hodisa Nukusda kuzatildi

Xabaringiz bor, 11 noyabr kuni nodir astronomik hodisa kuzatilishi haqida xabar qilgan edik.

2019 yil 11 noyabr kuni Qoraqalpog‘iston hududida Merkuriy sayyorasining Quyosh gardishidan o‘tishi kuzatildi, deb yozmoqda O‘zA.

Mazkur noyob astronomik hodisadan voqif bo‘lish uchun O‘zFA Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti olimlari Nukus shahriga tashrif buyurdi. Jarayonni kuzatish va qayd qilish ishlari Nukus shahridagi eng baland bino – “Toshkent” mehmonxonasining 11-qavatida olib borildi.

Нукусда олимлар Меркурий сайёрасининг қуёш гардишидан ўтишини кузатди

– Tranzit Toshkent vaqti bilan 17:36 da boshlandi va Merkuriy sayyorasi Quyosh va Yer o‘rtasida bo‘ldi. Mazkur hodisa O‘zbekistonda faqat Qoraqalpog‘iston hududida qisman kuzatildi. Sababi boshqa hududlarda bunday paytda quyosh botib ketgan bo‘ladi. Nukusda mazkur jarayon quyosh botmasidan 12 daqiqa avval boshlandi, – deydi O‘zFA Mirzo Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti kichik ilmiy xodimi Azizbek Matekov. – Ushbu hodisaning ahamiyati shundaki, Quyosh sistemasi haqidagi to‘g‘ri ilmiy dunyoqarash, ya’ni geotsentrik (Yer markazda) emas, geliotsentrik (Quyosh markazda) nazariyaning yuzaga chiqishida tranzitlar muhim rol o‘ynagan.

Bundan tashqari, ushbu hodisa astronomiya fanidan tayyor tabiiy laboratoriya ishi hisoblanib, uning davomida sayyoragacha, Quyoshgacha va boshqa osmon jismlarigacha bo‘lgan masofalarni, sayyoralarning orbital tezligini aniqlash kabi bir qator amaliy o‘quv laboratoriya ishlarini amalga oshirish mumkin. Shuningdek, tranzit paytida Quyosh gardishidan o‘tayotgan sayyoraning atmosferasi haqida ham ma’lumotlarni olish mumkin bo‘ladi.

Bu hodisa Merkuriy tranziti deb ham ataladi. Ushbu hodisa kam kuzatiladigan astronomik hodisalardan bo‘lib, bir asrda 13-14 marta kuzatilishi mumkin.

Merkuriyning oxirgi tranziti 2016 yil may oyida kuzatilgan bo‘lib, navbatdagisi 2032 yilda sodir bo‘ladi.