Og‘izbirchilikka intilayotgan xalqni yengib bo‘lmaydi
Davlatimiz rahbari har safar Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat safari bilan tashrif buyurar ekan, qoraqalpoq xalqi, faollari bilan uchrashuvlar, suhbatlarda “og‘izbirchilik”, degan iborani ishlatishni kanda qilmaydi.
Chunki bu ibora samimiy, mehmondo‘st, bag‘rikeng buyuk qoraqalpoq elining o‘ziga xosligi, tantiligi, topganini bo‘lib yeyishga odatlangani ifodasidir.
Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida qilinayotgan sa’y-harakatlar, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida Nukus shahri, uning atrofidagi tumanlar hamda ovullarda amalga oshirilgan qurilish-bunyodkorlik ishlarida qoraqalpoq xalqi o‘zining mehnatsevarligi, birdamligini namoyish etgani, ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘layotgani har qancha e’tirofga arziydi.
O‘zbek bilan ajdodi tomirdosh shunday xalqning fuqarolar hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solganiga ishonging kelmaydi. Nukus shahrida bir guruh shaxslar Qoraqalpog‘istonning davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinishi va g‘ayriqonuniy harakatlarni sodir etishi qoraqalpoq elining hohish-istagi emas, albatta. Bu Konstitutsion tuzumga tajovuz qilishga intilayotgan guruhlar, Markaziy Osiyoni urush maydoniga aylantirishni niyat qilganlarning harakatidir.
Shavkat Mirziyoyev kecha, 2 iyul kuni Nukus shahrida bo‘lib, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, Qoraqalpog‘iston faxriylari va faollari bilan uchrashuvda Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini, Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda «O‘zbekiston Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirilishini bildirdi.
Prezidentimiz bugun ham Nukusda, xalq bilan muloqot qilyapti, ularning xohish-istagi, talablarini tinglayapti.
Mana shunday vaziyatda bir-birimizni qo‘llab-qo‘vvatlab, bir yoqadan bosh chiqargan holda separatistik g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan illatlarni birdamlik, og‘izbirchilik bilan yengib chiqishimiz mumkin. Bugun shunday ezgu maqsadlarga ehtiyoj sezilyaptiki, davlatimizning har qanday qonuniy harakatini qo‘llashimiz zarur! Zero, ota-bobolarimiz aytganidek: «Birlashgan mingni yiqitadi»!
Shavkat Jalolov,
Oliy Majlis Senati a’zosi, “Agromir group” direktorlar assotsiatsiyasi kengashi raisi.